Xavfsiz turizm. «Xush galibsiz xorazima!»
2026-04-03 12:40:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Xorazm viloyati turizm sohasida jadal rivojlanayotgan hududlardan biriga aylanib bormoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilda viloyatga 2,1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, mutaxassislar joriy yilda bu koʻrsatkich 1,5 barobarga oshishini bashorat qilishmoqda.
Viloyatda 400 ga yaqin tarixiy va madaniy obyektlar mavjudligi sayyohlar oqimining yanada ortishiga xizmat qilyapti. Asosan Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy va Italiya kabi mamlakatlardan kelayotgan mehmonlar uchun xavfsiz muhit yaratish esa eng dolzarb vazifalardan biridir. Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari bu borada tizimli ishlar olib bormoqda.
Ushbu yoʻnalishda xizmat qilayotgan JTSG inspektori, leytenant Quvonchbek Rajabov sohadagi yangiliklar haqida maʼlumotlar berdi. Uning taʼkidlashicha, xavfsiz turizm sohasida ishlash xodimdan nafaqat chet tillarini bilishni, balki yuksak insoniy fazilatlarni ham talab etadi:
- Bizning xizmatimizda sayyohlarga eʼtiborli boʻlish bilan birga, turli nostandart vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish qobiliyati juda muhim. Har kuni mayda eʼtiborsizlikdan tortib, jiddiy muammolargacha boʻlgan holatlarga duch kelamiz. Hushyor boʻlish va yordamga muhtojlarga koʻmaklashish — asosiy vazifamiz, — deydi u.
Quvonchbek yoshligidan odamlarga yordam berishni orzu qilgani uchun aynan shu sohani tanlagan. Uning chet tillarini bilishi xorijlik mehmonlar bilan muloqotni ancha osonlashtiradi. Ayniqsa, yoʻqotilgan buyumlarni topib, egalariga qaytarish borasidagi saʼy-harakatlar alohida tahsinga loyiq.
Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari «Ichan qalʼa» majmuasida sayyohlar bilan targʻibot uchrashuvlari oʻtkazishyapti. Unda mehmonlarga kiberfiribgarlikdan ehtiyot boʻlish va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha tushuntirishlar berilmoqda.
Xorazmda xavfsiz turizm tizimining samarali yoʻlga qoʻyilgani vohamizga kelayotgan har bir mehmonning xavfsizligi va ijobiy taassurotlar bilan qaytishini taʼminlamoqda. Ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmatlari esa Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
Nilufar Jabborova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
