Sayyor qabul. Tizimli ishlar davom etmoqda
2026-04-03 07:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan joylarda sayyor qabullar oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirlar davomida fuqarolarning murojaatlari batafsil oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar koʻrilmoqda.
Yurtboshimiz aholi bilan ochiq, samarali va doimiy muloqot qilishni muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab bergan edi. Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, fuqarolarning murojaatlari chuqur tahlil qilinyapti. Kelib tushayotgan ariza va takliflarni amaldagi qonunlarga muvofiq oʻz vaqtida koʻrib chiqish hamda hal etish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 29-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligida, masʼul mutasaddilar ishtirokida aholi uchun navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Qabul jarayonida aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida, ob-havo hamda masofaviy omillar inobatga olindi. Xususan, poytaxtimiz va Toshkent viloyati fuqarolari bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa hududlarda yashovchilar uchun qabullar videokonferensaloqa rejimida tashkil etildi.
Ushbu tadbir davomida jami 521 ta murojaat qayd qilindi. Ularning aksariyati fuqarolar oʻrtasidagi moliyaviy munosabatlar, yoʻl harakati xavfsizligi, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, shuningdek, kadrlar bilan ishlash masalalariga oid muammolarni qamrab oldi. Murojaatlarning 250 tasi joyida ijobiy hal qilindi. Qolgan 271 ta murojaat esa qoʻshimcha oʻrganish talab etilgani sababli, ular nazoratga olinib, masʼul idoralar hamkorligida koʻrib chiqish uchun tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan oʻtkazilgan qabullarda jami 475 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 185 tasi joyida ijobiy yechim topgan boʻlsa, 290 tasi qoʻshimcha tekshiruv asosida koʻrib chiqish uchun yoʻnaltirildi.
Sayyor qabullar davomida aholini tashvishga solayotgan masalalar, huquqiy muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari atroflicha muhokama qilinib, fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi. Bunday tadbirlar tizimli ravishda mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.
