IIV rahbariyati tomonidan Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Boʻzsuv hamda Parkent tumanida joylashgan Parkent temir yoʻl bekatida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi
2026-04-02 11:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan temir yoʻl bekatlarida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari oʻrganildi.
Jumladan, Chirchiq shahri hududida joylashgan Boʻzsuv temir yoʻl bekatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Mazkur bekatni zamonaviy talablar asosida yangilash, infratuzilmani takomillashtirish va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Parkent tumanida joylashgan Parkent temir yoʻl bekatidagi qurilish jarayonlari ham koʻzdan kechirildi. Bekatni rekonstruksiya qilish, zamonaviy xizmat koʻrsatish tizimini joriy etish, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda, mazkur hududning turistik salohiyatini oshirish va ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Tashrif davomida har ikki bekatda amalga oshirilayotgan ishlar sifati, qurilish surʼatlari va belgilangan muddatlarga rioya etilishi yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash va tartib-intizomni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur qurilish va rekonstruksiya ishlari temir yoʻl infratuzilmasini yanada rivojlantirish, transport xizmatlari sifatini oshirish hamda yoʻlovchilar uchun zamonaviy va xavfsiz sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi






