Qumqoʻrgʻon tumanida “Chilonzor tajribasi” asosidagi ishlar oʻrganildi
2026-04-02 09:55:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda.
Shu munosabat bilan, Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Joʻrabek Avazov tomonidan Qumqoʻrgʻon tumanida “Toshkent namunasi” — “Chilonzor tajribasi” asosida olib borilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonlari doirasida tuman hududida joylashgan “Besh qahramon” va “Doʻstlik” mahallalarida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda profilaktika ishlarini samarali tashkil etish holati atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari, profilaktika inspektorlarining xizmat uylari va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar koʻzdan kechirildi. Shu bilan birga, mahallalarda tashkil etilgan profilaktika maskanlarining faoliyati, ularning moddiy-texnik taʼminoti, aholi bilan ishlash tizimi hamda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligi oʻrganildi.
Alohida eʼtibor “Chilonzor tajribasi”ni amaliyotga joriy etish doirasida aholi muammolarini manzilli hal etish, har bir xonadon bilan individual ishlash, ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish borasidagi ishlar holatiga qaratildi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish hamda profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan masʼul shaxslarga aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar hududlarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda jinoyatchilik darajasini pasaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati






