Ibrat maktabi. Sermazmun umr sohibi
2026-04-01 23:00:00 / Yangiliklar

Bugun Qashqadaryo viloyatida isteʼfodagi mayor Ziyodulla Pardayevni koʻpchilik oʻz vaqtida bilimdon va mahoratli tergovchi boʻlganini eʼtirof etadi, tajribali faxriy, olijanob inson sifatida hurmat bilan tilga oladi.
U Gʻuzor tumanining Yorgʻunchi qishlogʻida, oddiy dehqon oilasida tugʻilib, voyaga yetgan.
Oliy militsiya maktabini tamomlaganimdan keyin, 1979-yili Qashqadaryo viloyati IIBga yoʻllanma bilan ishga keldim, — deya xotirlaydi qahramonimiz. Dastlabki xizmat faoliyatimni esa Qarshi shahar IIB Tergov boʻlinmasi tergovchisi lavozimida boshladim.
Kasb sirlaridan voqif boʻlishda ustozlarim Hazrat Bahriyev, Xolli Jovliyev va Ismoilxon Ubaydullayevlarning xizmati katta boʻldi. Ularning saboqlaridan jinoyatni ochishda mayda detallargacha oʻrganish va soʻngra qonuniy toʻxtamga kelish muhim ahamiyat kasb etishini angladim. Shu bois ustozlarimdan bir umr minnatdorman.
Ziyodulla Pardayev Dehqonobod tumani IIB tergov guruhi katta tergovchisi lavozimida ishlagan kezlarda ham koʻplab jinoyatlarni tergov qilish va jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatdi.
Undagi ishtiyoq va talabchanlik, bilim va malaka keyinchalik Qarshi shahar hamda Chiroqchi tumani IIB tergov boʻlimlarida katta tergovchi, viloyat IIB tergov boʻlimi tergovchisi lavozimlarida xizmat qilishiga zamin hozirladi.
Sohaviy xizmatda orttirgan tajribasi, adolatni ustuvor bilish xislati, har bir qonunbuzilish holati tahlili ortida inson taqdiri va manfaati turganini his qilish qobiliyati faoliyatda katta yutuqlarga erishishida unga qoʻl keldi.
Xizmat faoliyatining keyingi yillarida Dehqonobod tumani IIB HOOB boshligʻi lavozimida ishlagan Ziyodulla Pardayev izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatildi.
28-yillik xizmat faoliyati davomida oʻziga xos tajriba maktabini yaratgan qahramonimiz koʻplab xodimlarga murabbiylik qildi. Ayniqsa, hozirda isteʼfodagi podpolkovniklar Qahramon Salohov, Muhiddin Norqobilov, isteʼfodagi mayor Xayrulla Normurodovlar uni ustoz sifatida hurmat qiladi.
Maqolamiz qahramoni pensiyaga chiqqandan keyin Qarshi shahar sud ijrochisi, “Paxta tozalash” OHJ va viloyat hokimligi injiniring kompaniyasida huquqshunos boʻlib ishladi. Bilim va malakasini ishga solib, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
75 yoshni qarshilagan qahramonimiz — ibratli umr sohibi Ziyodulla Pardayev turmush oʻrtogʻi Oydin aya bilan 6 nafar farzandni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladi.
Ular bugun turli sohalarda faoliyat koʻrsatyapti. Qizi, III darajali serjant Shahnoza Pardayeva Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida xizmat qiladi. Ukasi Eshquvvat Pardayev ham ichki ishlar organlarida xizmat qilgan isteʼfodagi mayor.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.
