IIV Akademiyasiga Vengriya milliy tergov byurosi direktori oʻrinbosari David Norbert boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi
2026-04-01 09:00:00 / Yangiliklar

Tashrif avvalida mehmonlar Akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya aʼzolariga oʻquv dargohining tarixi, rivojlanish bosqichlari, keyingi yillarda amalga oshirilgan ulkan yangilanishlar haqida maʼlumot berildi.
Xorijlik mehmonlar diqqatga sazovor joylarni koʻzdan kechirib, kadrlar tayyorlashda qoʻllanilayotgan ilgʻor yondashuvlar, yaratilgan zamonaviy sharoitlar, akademiyaning keng qamrovli faoliyati va istiqbolli salohiyatiga yuqori baho berdilar.
Shundan soʻng delegatsiya aʼzolarini oʻquv dargohi boshligʻi Rustam Xatamov qabul qildi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar asosida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar barcha yoʻnalishlar qatori, huquqni muhofaza qilish tizimida ham kengayib borayotgani, bunda davlatlararo va idoralararo erishilgan muhim kelishuvlar mustahkam huquqiy asos boʻlayotgani taʼkidlandi. Mazkur tashrif hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash va amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
“Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston va Vengriyani nafaqat doʻstona aloqalar, balki tarixiy yaqinlik bogʻlab turadi. Ikki mamlakat rahbarlarining amaliy saʼy-harakati bilan keyingi yillarda munosabatlarimiz yuksak darajaga koʻtarildi. Sizlar bilan oʻtayotgan samimiy uchrashuv buning amaliy ifodasidir”, — dedi akademiya boshligʻi.
Oʻz oʻrnida, delegatsiya rahbari David Norbert ikki turkiy davlat oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini alohida qadrlashi, amaliy tashrif koʻp qirrali hamkorlikka yangicha surʼat bagʻishlashini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.
Uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashda oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, global xavf-xatarlar va transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda ilgʻor yondashuvlarni amaliyotga tatbiq qilish, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ilgari surilgan tashabbuslar boʻyicha yakdil fikrda ekanliklarini taʼkidlagan holda aloqalarni barqaror rivojlantirishga kelishib oldilar.
Aytish joizki, tashrif doirasida vengriyalik mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz ichki ishlar organlarining tergov va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlinmalari xodimlari, Akademiya professor-oʻqituvchilari va kursantlari uchun “kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika” yoʻnalishida oʻquv mashgʻulotlari ham tashkil qilinmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






