Tuman IIBda. Kogonliklar qulayliklardan minnatdor
2026-03-31 18:00:00 / Yangiliklar

Kogon tumani IIBning maʼmuriy binosi zamonaviy talablar asosida mukammal taʼmirlanib jihozlandi va yaqinda foydalanishga topshirildi. Shuningdek, aholi eng koʻp murojaat qiladigan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati binosi alohida yangidan qad rostladi. Fuqarolar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xodimlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun mini-futbol maydoni ham qurildi.
- Tumanimizdagi 23 ta mahallada 86 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, — deydi tuman IIB boshligʻi, podpolkovnik Azamat Ismailov. — Har kuni boʻlimimizga turli masalalarda murojaat qilayotgan fuqarolar talaygina. Bunda sohaviy xizmat xodimlari har bir murojaatga aniqlik va tezkorlik bilan yechim topishga harakat qilishadi.
Mayor Ilhom Xudoyqulov oʻn olti yildan beri ichki ishlar organlarida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. U bundan besh yil muqaddam «Kogon» mahalla fuqarolar yigʻiniga profilaktika inspektori etib biriktirildi. Oʻsha payti mahallada jinoyat va huquqbuzarlik holatlari oshgan, aholining aksariyati «bekorchixoʻja»lar» edi.
- Ishni asosan profilaktik hisobda turuvchi, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, nizoli oilalar, yoshlar va ishsiz fuqarolar bilan jiddiy shugʻullanishdan boshladim, — deydi I. Xudoyqulov. — Ular bilan profilaktik targʻibot-u tushuntirishlar olib borilgach, koʻpchiligi oʻzgardi. Ishsizlar kamaydi, nizoli oilalar deyarli qolmadi. Profilaktik hisobdagi va jinoyat sodir etish ga moyil shaxslar har bir qingʻir ishning javobi borligini angladi, oʻzlariga munosib ish topishdi. Shu bois mahallamiz 2024-yildan buyon «yashil» toifada.
Profilaktika katta inspektori erishgan yutuqlar mahalla yettiligining hamjihatligi, ishni toʻgʻri tashkil etganidandir. Qolaversa, davlatimiz tomonidan qoʻshimcha daromad topish uchun qulayliklar yaratilgani ham aholi farovonligiga omil boʻlmoqda. Birgina oʻtgan yilning dekabridan hozirgi kungacha 17 nafar ishsizlar va yoshlarga issiqxona qurilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Ayni damda issiqxonalarda kartoshka ekilgan, bir qismiga hademay bulgʻor qalampiri ekishadi.
Mayor Gʻazanfar Allanazarov 2014-yili IIV Akademiyasini tugatib, tergov sohasida xizmat faoliyatini boshlagan. Besh yildan soʻng esa ekspert-kriminalistika yoʻnalishida ishlab kelyapti. U har yili oʻnlab jinoyatlarni «issiq izida» fosh etib, jinoyatchilikning oldini olishga munosib hissa qoʻshmoqda.
Sodir etilayotgan jinoyatlarni qisqa fursatlarda fosh etishda katta ekspert boshqa sohaviy xizmat vakillari bilan hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida tergov-tezkor guruhi tarkibida voqea joylariga chiqib, 30 ta ekspertiza oʻtkazdi va natijasi haqida xulosalar yozdi, 25 marotaba tergov harakatlarida ishtirok etdi.
Tuman IIB JXX probatsiya guruhi nazoratida turgan O. Shodiya (ismi oʻzgartirildi) axloq tuzatish jazosidan boʻyin tovlagach, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan jazosi ogʻir turga almashtirildi. Ammo yashirinib yurganligi sababli, 26-yanvar kuni unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi. Guruh xodimlari olib borgan surishtiruv ishlari natijasida 5-fevral kuni Kogon shahar hududida ushlanib, IIV huzuridagi JIED oltinchi mintaqaga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirildi. Bu ishda probatsiya guruhi katta inspektori, mayor Shuhrat Shodiyevning xizmatini alohida eʼtirof etsak arziydi.
- Bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirganlarni toʻgʻri hayotga qaytarish hamda qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida targʻibot ishlarini kuchaytirganmiz, — deydi u. — Shu maqsadda ochiqda jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, ularning maishiy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Bundan tashqari, nazorat doirasiga tushgan 238 nafar shaxsning har biri puxta oʻrganilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, psixologiyasi, jinoyat sodir etilishiga turtki boʻlgan sabab va omillar eʼtiborga olinyapti hamda tez-tez profilaktik suhbatlar oʻtkazilyapti. Guruhimiz nazoratga olganlarning deyarli barchasi ishli, kasb-korli va tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelishyapti. Olib borilgan profilaktik ishlar natijasida joriy yilning oʻtgan bir oyi davomida 6 nafar mahkum tuzalish yoʻliga kirganligi bois muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
Afsuski, bu toifadagi hamma shaxslar ham ozodlikni, berilgan imkoniyatni toʻgʻri anglab yetavermaydi. Olib borilgan profilaktik suhbatlar, qoʻllab-quvvatlashlarga qaramay, qayta jinoyat sodir etishadi. Yoki belgilangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab kelganlar va oʻzini yaxshi tutmaganlar uchrab turibdi. Jazo oʻtashdan boʻyin tovlaganligi sababli, 3 nafar shaxs ustidan sudga taqdimnoma kiritildi va ularning jazosi ogʻir turdagi jazoga almashtirildi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhida ish har doim avjida. Guruh katta inspektori, kapitan Abram Adizov ishni toʻgʻri tashkillashtirib, xodimlaridan muomala madaniyatini birinchi oʻringa qoʻyishni talab qiladi. Boʻlinma tomonidan identifikatsiya kartalari, xorijga chiqish pasportlari berish, yaqin xorij mamlakatlaridan kelgan mehmonlarni va chet ellik sayyohlarni vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida 1673 nafar fuqaroga ID-kartalari, 175 kishiga xorijga chiqish pasportlari berildi. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan 4 nafar fuqaroga identifikatsiya kartalari ularning xonadoniga borib topshirildi, — deydi lavhamiz qahramoni. — Pasportchi, safdor M. Ortiqovning aniqlik bilan olib borayotgan ishlari tufayli fuqarolar belgilangan vaqtda kelib, kerakli maʼlumotlarni taqdim etishadi va identifikatsiya kartalarini shu kunning oʻzidayoq olishadi.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Buxoro viloyati
