IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Ziyonur” hamda 1-son sport maktabi da oʻrganishlar olib borildi
2026-03-31 15:05:00 / Yangiliklar

IIV oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida keng qamrovli oʻrganishlar olib borildi.
Jumladan, Mirobod tumanidagi “Ziyonur” mahallasi hamda 1-son sport maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida sport maktabida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mashgʻulot jarayonlari, murabbiylar faoliyati hamda tarbiya ishlarining samaradorligi atroflicha koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, Vazir oʻrinbosari “Ziyonur” mahallasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi uchun qulayliklar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratdi.
Tashrif davomida mahallada faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Suhbat chogʻida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yoshlar bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, bandlikni taʼminlash hamda oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan mahalla yettiligi aʼzolariga oʻz vazifalarini yanada samarali tashkil etish, aholi muammolariga tezkor va manzilli yondashish, ayniqsa yoshlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, fuqarolar bilan doimiy muloqotda boʻlish, muammolarni joyida hal etish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berilib, barcha yoʻnalishlarda ishlarni tizimli ravishda tashkil etish lozimligi qayd etildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi







