Vengriya politsiyasi hamda Oʻzbekiston IIV oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
2026-03-31 13:35:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatlar hamda giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish sohasida xorijiy mamlakatlar bilan tajriba almashish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, oʻtgan yili “Oʻzbekiston Respublikasi IIV hamda Vengriya IIV oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2025–2026-yillarga moʻljallangan yoʻl xaritasi” imzolangan boʻlib, mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vengriya Milliy tergov byurosi direktorining oʻrinbosari, polkovnik Norbert David boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. IIV Markaziy apparatida boʻlib oʻtgan idoralararo ishchi uchrashuvida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik Mansur Sattarov hamda Norbert David boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatlar hamda giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilib, oʻzaro fikr almashdilar.
Shuningdek, tashrif davomida IIV xodimlari uchun kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yoʻnalishida oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida kelgusida amalga oshiriladigan istiqbolli ilmiy loyihalar hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan muhim kelishuvlar muhokama qilindi.
Vengriya delegatsiyasining mamlakatimizga amaliy tashrifi davom etmoqda.



