IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan Chilonzor tumani mahallalarining kriminogen vaziyati oʻrganildi
2026-03-31 10:15:00 / Yangiliklar

Dastlab “Charx Kamolon-2” mahallasida aholi uchun xavfsiz muhit yaratish, “jinoyat oʻchoq”lariga barham berish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan manzilli ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Akademiyadan biriktirilgan ishchi guruh vakillari va “mahalla yettiligi” xodimlariga “yoʻl xarita” ijrosini sifatli taʼminlash, “xonadonbay”, “fuqarobay” tizimda har bir oiladagi muammolarini oʻrganish, mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni bartaraf etish vazifalari yuklandi.
Shu kuni mahalla hududiga chiqilib, mavjud holat koʻzdan kechirildi. Masʼullarga jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Shundan soʻng akademiya boshligʻi “Mehrjon” mahallasida xavfsiz muhitni shakllantirish boʻyicha amaliyotga tatbiq qilingan tizim bilan tanishdi. Masʼullar, “mahalla yettiligi” va fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning muammo hamda takliflarini tingladi.
Oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, bugunga qadar mahalla hududida 5 ta “jinoyat oʻchogʻi” aniqlangan. Aholi bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida “xavf guruhi”dagi 10 nafar, ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishi lozim boʻlgan 54 nafar shaxs roʻyxatga olinib, “mahalla yettiligi”ga yoʻnaltirilgan.
Kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida hududlarga 5 ta tashvish tugmasi, 30 dona turli xildagi zamonaviy kamera oʻrnatilib, 4 ta qoʻshimcha patrullik yoʻnalishi tashkil etilgan. Ijtimoiy profilaktika obyektlaridan 36 nafarining ishga joylashtirilishi taʼminlangan.
Akademiya boshligʻi mahalla hududida oʻgʻirlik jinoyatlari koʻp qayd etilganini inobatga olib, ular sodir qilinayotgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, fuqarolarning ogohligini oshirish, turar joylar, savdo majmualari, jamoat joylari hamda boshqa obyektlarni texnik va jismoniy qoʻriqlov olishni jadallashtirish kerakligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, mahalladagi ijtimoiy-maishiy muammolarni oʻrganish, oilaviy huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, bandlik masalalarini hal qilish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



