IIV Akademiyasida Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasi bilan hamkorlikda kiberjinoyatlarni tergov qilish yoʻnalishida seminar-trening oʻtkazildi
2026-03-31 10:05:00 / Yangiliklar

Ikki kun davom etgan mashgʻulotlarga ichki ishlar va prokuratura tizimida faoliyat yuritayotgan tergovchilar, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlinmalari xodimlari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyalaridan professor-oʻqituvchilar jalb qilindi.
Xorijiy mutaxassis tomonidan hozirgi kunda ommalashayotgan kiberjinoyatlar, ularning zamonaviy koʻrinishlari, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish va ularni tergov qilishning samarali usullari, bu borada Belarus huquqni muhofaza qiluvchi organlarida shakllangan ijobiy tajribalar yoritildi. Sohadagi muammolar tahlil qilinib, ularning yechimlariga qaratilgan amaliy yondashuvlar oʻrtoqlashildi.
Mazkur yoʻnalishda muntazam tajriba almashish kiberjinoyatlarni aniqlash, fosh etish va tergov qilish samaradorligini oshirishga, soha xodimlarining bilim va koʻnikmalarini yanada yuksaltirishga, huquq-tartibot organlari faoliyatini zamonaviy tendensiyalarga mos holda tashkil etishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati



