Buxoroda ayollar oʻrtasida voleybol boʻyicha Oliy liga oʻyinlari boshlandi
2026-03-31 09:50:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi muhtasham “Universal” sport majmuasida voleybol boʻyicha ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oliy liga doirasida oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli sport musobaqalarida respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan eng kuchli 10 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda.
Chempionatni Buxoro viloyati hokimi oʻzining kirish soʻzi bilan ochib berib, respublikamizda xotin-qizlar sportiga qaratilayotgan eʼtibor va sportchilarga yaratilayotgan sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtdi hamda barcha jamoalarga omad tiladi. Shundan soʻng, viloyat hokimi, Buxoro viloyati IIB boshligʻi va boshqa mutasaddilar dastlabki uchrashuvlarni bevosita muxlislar qatorida, katta qiziqish bilan kuzatib bordilar.
Oliy liganing birinchi tur uchrashuvlari koʻtarinki kayfiyat va murosasiz kurashlarga boy tarzda oʻtmoqda. Sport ixlosmandlari va muxlislar tomonidan hayajon bilan tomosha qilinayotgan turning dastlabki oʻyinlaridan birida maydon egalari ishonchli oʻyin namoyish etishdi:
“BuxDU” (Buxoro) 3 : 0 “Ziyokor” (Jizzax)
Buxorolik voleybolchi qizlar oʻz maydonlarida kechgan dastlabki bahsda raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, chempionatni yorqin gʻalaba bilan boshlashdi. Musobaqa yuqori tempda va bayramona shukuhda davom etmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



