Chilonzor tajribasi. Tartib bor joyda...
2026-03-31 08:00:00 / Yangiliklar

Sherobod tumanida jinoyatchilikning oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda tuman hokimligi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida qoʻshma qaror qabul qilinib, doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo tezkor shtab tashkil etildi. Bu oʻzaro hamkorlikni mustahkamlab, muammolarga tezkor va aniq yechim topish imkonini bermoqda.
Tajriba doirasida tumandagi 48 ta mahalla fuqarolar yigʻini kesimida choraklik «yoʻl xaritalari» ishlab chiqilib, amalga tatbiq etilmoqda. Mazkur yoʻl xaritalari orqali har bir hududdagi kriminogen vaziyat chuqur tahlil qilinib, aniq vazifalar belgilab olingani oʻz samarasini bermoqda.
- Muqaddam jinoyat sodir etgan 107 nafar shaxsning yashash sharoiti oʻrganilib, ularning 14 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi, — deydi tuman IIB HPB tashkiliy-tahlil guruhi katta inspektori, katta leytenant Muhiddin Ziyoyev. — Qolaversa, jinoyat sodir etishga moyil yoki jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 2057 nafar fuqaro ijtimoiy profilaktika obyekti sifatida roʻyxatga olingan boʻlib, ulardan 785 nafarining muammolari manzilli tarzda oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
Tumanda xavfsizlik infratuzilmasini rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha mahallalarning kirish-chiqish nuqtalariga 48 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilib, ular «Xavfsiz shahar» tizimiga integratsiya qilindi. Bu jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani ham diqqatga molik. Buning natijasida ichkilikbozlik va giyohvandlikka moyil, ruhiy jihatdan tajovuzkor boʻlgan 11 nafar shaxs davolanish muassasalariga yuborildi. «Tigʻ» tadbiri davomida 86 ta oʻtkir jism aniqlanib, olib qoʻyildi, aybdorlar jarimaga tortildi.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida inspektor-psixologlar tomonidan 54 marotaba profilaktik reydlar oʻtkazilib, voyaga yetmaganlarni turli koʻngilochar joylarda boʻlishiga sharoit yaratgan 10 nafar shaxsga nisbatan qonunchilikka muvofiq chora koʻrildi. Shu bilan birga, 95 nafar shaxsga nisbatan himoya orderi berilgani tumanda oilaviy zoʻravonliklarning oldini olish yoʻnalishida izchil ish olib borilayotganini koʻrsatadi.
Aholi gavjum joylarda, taʼlim muassasalarida fuqarolarga internet orqali sodir etiladigan jinoyatlardan himoyalanish boʻyicha tushunchalar berilmoqda. Ayniqsa, kriminogen vaziyat murakkab boʻlgan «Kattabogʻ» mahallasida olib borilayotgan ishlar alohida eʼtiborga loyiq. Bu yerda jinoyatga moyil shaxslar roʻyxati shakllantirilib, ular bilan manzilli ishlash tizimi joriy etildi.
Xulosa qilib aytganda, «Chilonzor tajribasi» Sherobod tumanida jinoyatchilikning oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda samarali mexanizm sifatida oʻzini oqlamoqda. Eng muhimi, mazkur yondashuv orqali har bir fuqaro taqdiriga befarq boʻlmaslik, muammolarni manzilli hal etish va jamiyatda huquqiy ongni yuksaltirishga erishilmoqda.
Feruza RAHMONQULOVA, oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
