Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi general-mayor Rustam Djurayev xizmat safari bilan Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi
2026-03-30 12:45:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida vazirning birinchi oʻrinbosari turistik hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, jumladan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va turistlar toʻplanadigan joylarda harakatni tashkil etish ishlari bilan tanishdi. Xodimlarning mehmonlarga nisbatan xushmuomalaligi va intizomga qatʼiy rioya etishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif dasturi doirasida ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi. Jumladan, departament boshligʻi Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi uchun barpo etilayotgan maʼmuriy bino qurilishi va taʼmirlash ishlarining borishi bilan tanishdi. Joyida bajarilayotgan ishlar surʼati va sifati, shuningdek pudratchi tashkilotlar faoliyati oʻrganildi.
Shuningdek, shaxsiy tarkibning xizmat oʻtashi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida ilgʻor raqamli yechimlarni joriy etish va fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish jarayonlarini optimallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Shundan soʻng Rustam Djurayev Buxoro shahri patrul-post xizmati bataloniga tashrif buyurib, shaxsiy tarkibning xizmat oʻtash va dam olish sharoitlari bilan tanishdi, jamoat tartibini taʼminlash, fuqarolar xavfsizligi va sutka davomida xizmatni tashkil etish masalalari boʻyicha mansabdor shaxslarning hisobotlarini tingladi.
Xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlanganlik darajasini yuksaltirish, shuningdek koʻcha jinoyatchiligining oldini olish choralarini takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif davomida ishchi guruh Kogon shahrida joylashgan maxsus qabulxona va reabilitatsiya markaziga ham tashrif buyurib, muassasaning holati, moddiy-texnika bazasi, shuningdek u yerda saqlanayotgan shaxslarni saqlash sharoitlari, ovqatlantirish va tibbiy taʼminot tashkil etilishi har tomonlama oʻrganildi.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha sharoitlarni yanada takomillashtirish, xizmat intizomi va xodimlar masʼuliyatini oshirish, shuningdek saqlanayotgan shaxslarni ijtimoiy moslashuviga qaratilgan reabilitatsiya tadbirlarini faollashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tashrif yakunida jamoat tartibini saqlash, barqarorlikni mustahkamlash va aholi manfaatlari yoʻlida xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlanib, tegishli topshiriqlar va amaliy tavsiyalar berildi.
IIV JXD Axborot xizmati



