Buxoro voleybolchi qizlari Oʻzbekiston chempionatida ishonchli gʻalabaga erishdi
2026-03-30 12:40:00 / Yangiliklar

Sportning voleybol turi boʻyicha ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining I-tur bahslari oʻzining eng qizgʻin pallasiga kirdi. Ushbu nufuzli musobaqada Buxoro davlat universiteti (BuxDU) jamoasi oʻzining yorqin oʻyinlari bilan muxlislarni xushnud etishda davom etmoqda.
29-mart kuni Buxoro shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida musobaqa ikkinchi davrasining navbatdagi markaziy uchrashuvlaridan biri boʻlib oʻtdi. Unda mezbonlar — BuxDU voleybolchi qizlar jamoasi Qoraqalpogʻiston Respublikasining NDPI jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Murosasiz va qiziqarli kechgan bahsda Buxoro jamoasi dastlabki daqiqalardanoq oʻzining ustunligini namoyish etdi. Uchrashuvda yuksak jismoniy tayyorgarlik va ajoyib jamoaviy taktikani koʻrsatgan BuxDU qizlari yakunda 3:0 hisobidagi yirik va ishonchli gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, ushbu sport tadbiriga Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi shaxsan tashrif buyurib, oʻyinni bevosita kuzatib bordi. Viloyat IIB rahbariyatining sportga, xususan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratayotgan bunday eʼtibori va bevosita qoʻllab-quvvatlashi sportchilarimizga qoʻshimcha kuch, maydonda oʻziga boʻlgan ishonch va katta motivatsiya bagʻishladi.
Ushbu muhim gʻalaba bilan BuxDU jamoasi chempionat turnir jadvalidagi oʻz oʻrnini yanada mustahkamlab oldi. Oldinda turgan navbatdagi uchrashuvlarda ham qizlarimizga zafar yor boʻlishini tilab qolamiz!
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








