Kechirimlilik. Insonparvarlik namunasi
2026-03-29 23:00:00 / Yangiliklar

Inson qadri ulugʻlangan, adolat ustuvor boʻlgan jamiyatda ezgulik va mehr-oqibat kabi fazilatlar doimo qadrlanadi. Kechirimlilik esa ana shu yuksak fazilatlarning eng oliy koʻrinishlaridan biri hisoblanadi. Chunki inson xatodan holi emas. U oʻz qilmishiga iqror boʻlib, tuzalish yoliga oʻtganida, jamiyatning unga qoʻl choʻzishi, ishonch bildirishi esa yuksak insonparvarlik namunasidir.
Navroʻz ayyomi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmon yurtimizda insonparvarlik siyosati izchil amalga oshirilayotganining yana bir yorqin isboti boʻldi.
Mazkur farmonga muvofiq, afv etilgan 392 nafar shaxsning 223 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 82 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo turi bilan almashtirildi.
Shuningdek, 53 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Bu raqamlar ortida inson taqdiri, umid va ishonch mujassam. Afv — bu faqat huquqiy hujjat emas, balki insonga berilgan imkoniyat, hayotni yangidan boshlash uchun ochilgan eshikdir.
Ayniqsa, afv etilganlar orasida yoshlar, ayollar va qariyalarning mavjudligi jamiyatimizda inson taqdiriga befarq qaralmasligini koʻrsatadi.
Bu esa davlat siyosatining markazida inson manfaatlari turganini yana bir bor tasdiqlaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Shahrizod Shokirov, kapitan.
