IIV Akademiyasi rahbariyati hamda boshqa masʼul rahbarlar ishtirokida Sergeli tumanida “poytaxt tajribasi” asosida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi
2026-03-29 09:00:00 / Yangiliklar

Unda Bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Otabek Choriyev, IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov, Bojxona instituti boshligʻi Miraʼzam Hamroyev, shuningdek mazkur taʼlim muassasalaridan ishchi guruh vakillari hamda Sergeli tuman IIO FMB rahbariyati qatnashdi.
Yigʻilishda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha namunaviy amaliyotni samarali joriy etish, mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini manzilli hal etish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Bugungi kunda poytaxt tumanlarida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarishning yaxlit tizimi yaratilgani taʼkidlandi.
Ishchi guruhlar hududlarning kriminogen vaziyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni chuqur oʻrganishi, ularni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqib, amaliyotga samarali joriy qilishi zarurligi aytildi.
Yigʻilishda masʼul rahbarlar tomonidan mahallalarning kriminogen vaziyati atroflicha tahlil qilindi. Shundan kelib chiqib, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Hududlarni oʻrganishda mahalla boʻgʻini bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularning murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, muammolarini hal etish, nizoli oilalardagi muhitni sogʻlomlashtirish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, eng muhimi, natijadorlikka erishishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Shu kuni hududlarga biriktirilgan ishchi guruh vakillari hamda tuman ichki ishlar organi masʼullarining takliflari ham tinglandi. Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni keskin kamaytirish, hududlarni har tomonlama rivojlantirish orqali aholi roziligiga erishish, bunda “mahalla yettiligi” tizimining imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






