Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Sirdaryo viloyatida Prezident qarorlari ijrosi yuzasidan tizimli oʻrganishlar olib borilmoqda
2026-03-29 09:00:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan keng koʻlamli oʻrganishlar va muhokamalar oʻtkazilmoqda.
Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev va viloyat hokimi E.Turdimov rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda mutasaddi vazirlik va idoralar, huquq-tartibot organlari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Unda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish va manzilli ishlash tizimini samarali joriy etish masalalari tanqidiy muhokama qilindi.
Oʻrganishlar doirasida ishchi guruhlar joylarda, xususan Guliston shahri mahallalarida boʻlib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi bilan manzilli ishlash va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Bahor” mahallasida “mahalla yettiligi” bilan muloqot oʻtkazilib, nizoli oilalar bilan ishlash, erta turmushning oldini olish hamda “Yosh oila quruvchilar maktabi” faoliyati alohida koʻrib chiqildi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlik yoki giyohvand moddalarga moyil shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar tahlil qilinib, ularni davolash va reabilitatsiya qilishni kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Guliston shahrida idoralararo tezkor shtab faoliyati oʻrganilib, “Chilonzor tajribasi” asosida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan manzilli ishlash hamda xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash choralari muhokama qilindi.
Ayniqsa, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar bilan tizimli ishlash, bandlikni taʼminlash va har bir shaxs bilan yakka tartibda ishlashni tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida masʼul rahbarlarning hisobotlari eshitilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish boʻyicha aniq qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, jamoatchilik faolligini oshirish maqsadida Guliston davlat universitetidagi “Qalqon” guruhi aʼzolari ragʻbatlantirilib, ularga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Sirdaryo viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









