IIV Akademiyasida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) bilan hamkorlik doirasida tashkil etilgan oʻquv kursi yakunlandi
2026-03-28 17:05:00 / Yangiliklar

Oʻquv kursi davomida Turkiya, Vengriya, Saudiya Arabistoni, Maldiv, Moʻgʻuliston mamlakatlari vakillari uchun dolzarb mavzularga qaratilgan mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Xorijlik mutaxassislar sud va portlash texnik ekspertizalarini oʻtkazish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, qalbaki valyutalar va hujjatlarni tadqiq qilish, hodisa joyida ashyoviy dalillar bilan ishlash, raqamli ekspertiza va raqamli kriminalistika boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini oshirdilar.
Bundan tashqari, IIV akademiyasi, Ekspert kriminalistika markazi hamda Respublika sud-ekspertiza markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, sohaga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlarni oʻrgandilar.
Oʻquv kursi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham tashkil qilindi. Mehmonlar yurtimizning boy va qadimiy tarixi, milliy qadriyatlarimiz, mamlakatimizda kechayotgan ulkan oʻzgarishlar bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Yakunda tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Tadbirda akademiya boshligʻi Rustam Xatamov ishtirok etib, manfaatli hamkorlik doirasida oʻtkazilgan malaka oshirish kurslarining muhim ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.
Jinoyatchilik tendensiyalarining oʻsib borayotgani huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatini kuchaytirish, taʼlimga ilgʻor yondashuvlarni keng joriy qilish, kadrlar tayyorlash sifatini zamon talablari asosida takomillashtirib borishni taqozo etayotgani, bu kabi dasturlar turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida aloqalarni yanada mustahkamlab, samarali tajriba almashinuviga xizmat qilishi qayd etildi.
Sertifikat topshirish marosimida xorijiy mehmonlar ham soʻz olib, oʻquv kursining yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati


