Turkiyadan Oʻzbekistonga Interpol orqali xalqaro qidiruvda boʻlgan fuqaro ekstraditsiya qilindi
2026-03-28 16:50:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan yaqin hamkorlik natijasida Interpol orqali xalqaro qidiruvda boʻlgan fuqaroni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelish tashkil etildi.
Mazkur shaxs Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun qidiruvga berilgan.
Qidiruvda boʻlgan shaxs Istanbul xalqaro aeroportida qabul qilinib, u yerdan Interpol hamda Xorazm viloyati IIB xodimlari kuzatuvida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelindi.
Xorazm viloyatining Urganch shahriga yetib kelgach, fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun Xorazm viloyati IIB xodimlariga topshirildi.
Shuningdek, Toshkent va Anqara shaharlaridagi Interpol Milliy markaziy byurolari, Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi diplomatik vakolatxonasi hamda Turkiya Respublikasi migratsiya xizmati oʻrtasidagi faol hamkorlik natijasida 2026-yil 26-mart kuni yana bir Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun Interpol orqali xalqaro qidiruvdan ekstraditsiya qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Interpol Milliy markaziy byurosi


