Yuksak mukofot sohiblari. «Qumrabotning sodiq oʻgʻloni»
2026-03-28 15:40:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning «Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq taqdirlangan fidoyi xodimlar orasida Romitan tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, kapitan Sanjar Ahmedov ham bor. U «Qumrabot» mahalla fuqarolar yigʻinida xizmat olib boradi.
- Uzoqroq qarindoshimiz ichki ishlar sohasida ishlardi, unga havas qilib, osoyishtalik posboni boʻlishni orzu qilardim, — deydi Sanjar. — Biroq, ota-onam mening oʻzlari kabi oʻqituvchi boʻlishimni istashardi. Shu bois Buxoro davlat universitetida tahsil oldim. Ikki yil tumandagi pedagogika kollejida oʻquvchilarga saboq berdim. Bir necha marotaba ichki ishlar xodimi boʻlish uchun imtihon-u testlar topshirdim. Har safar balim yetmasdi. Ammo ahdimdan qaytmadim. Uchinchi yili menga omad kulib boqdi. Viloyat IIB JTSB PPX batalyoni safdor xodimi lavozimiga qabul qilindim. Batalyonda yetti yil faoliyat koʻrsatgach, oilaviy sharoitimdan kelib chiqib, tuman IIBda xizmatni davom ettirdim.
Dastlab tumandagi «Marziya» mahallasida profilaktika inspektori etib tayinlangan S.Ahmedov qisqa vaqt ichida hududdagi kriminogen vaziyatning barqarorligini mustahkamlashga muvaffaq boʻldi. Natijada aholining yosh profilaktika inspektoriga boʻlgan ishonchi ortdi. Fuqarolar oilaviy nizolarni, qoʻni-qoʻshnilar kelishmovchiliklarini tumanga bormay, shu yerning oʻzida hal etadigan boʻldi. Jinoyat va huquqbuzarlik holatlari qayd etilmadi. Rahbariyat yana katta ishonch bilan uni «Bogʻisaydon» mahallasiga profilaktika inspektori etib tayinladi. Bu yerda ham jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda ancha faollik koʻrsatdi. Shu bois 2021-yili muddatidan oldin «katta leytenant» unvonini olishga musharraf boʻldi.
2023-yili Sanjarning yelkasiga yanada katta masʼuliyat yuklandi. U profilaktika katta inspektori lavozimiga oʻtkazildi va «Qumrabot» mahalla fuqarolar yigʻinida xizmat faoliyatini boshladi. Oʻshanda hududda jinoyat sodir etilmasa-da, ammo huquqbuzarlik holatlari tez-tez roʻy berib turardi. Ayniqsa, spirtli ichimlik ichib janjal qiladigan shaxslar va nizoli oilalar anchagina edi. Bu esa lavhamiz qahramonidan nihoyatda jiddiy ish olib borishni talab etardi. Profilaktika katta inspektori ishtiyoq bilan ishga kirishdi. Faoliyatini spirtli ichimlikka ruju qoʻygan shaxslarni majburiy davolash muassasalariga yotqizishdan boshladi. Ilgari sudlangan, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar hamda nizoli oilalar bilan tez-tez suhbatlashib, profilaktik tadbirlar olib bordi. Saʼy-harakatlar oʻz samarasini berib, mahalla «ya shil» toifaga oʻtdi va jinoyatdan xoli hududga aylandi.
- Keyingi yillarda mahallalarga davlatimiz tomonidan katta eʼtibor va imkoniyat berilayotgani, qolaversa, ichki ishlar organlari xodimlarining xalqqa yaqin boʻlib, mahalladoshlarimizning yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida turgani kutilgandan ham yaxshi samara bermoqda, — deydi mahalla raisi Ilyos Sultonov. — Ilgari biror kishi shikoyat bilan kelsa, profilaktika inspektorini izlab qolardik. Endi esa bunga hojat qolmadi. Chunki profilaktika katta inspektori, kapitan Sanjar Ahmedov hamisha oʻz ish joyida, biz bilan birga. Fuqarolar xohlagan vaqtida unga oʻzlarini qiziqtirgan savol hamda muammolari bilan murojaat qilishlari mumkin. Undagi samimiylik, odamgarchilik tufayli har bir fuqaro inspektorga yaqin kishisiday suyanadi.
Darhaqiqat, mahallada fuqarolar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilgan. Natijada hududda istiqomat qiluvchi katta yoshdagi aholining barchasi foydali mehnat bilan shugʻullanishadi. Bu, oʻz navbatida, aholi, xususan, yoshlarning ish bilan taʼminlanishida muhim oʻrin tutib, hududda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, mahalla hududiga 75 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilib, 21 ta savdo doʻkoni va 8 ta korxona qoʻriqlash pultiga ulandi. Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etish va huquqbuzarliklardan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan 42 nafar shaxsga xulosa berilib, muammolari hal etildi.
Ayni paytda mahallada 1254 ta oila istiqomat qiladi. Shulardan 11 tasi notinch oilalar roʻyxatiga olingan edi. Endilikda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, mahalla raisi I. Sultonov, profilaktika katta inspektori, kapitan S. Ahmedov, xotin-qizlar faoli D. Jabborova, hokim yordamchisi U. Sirojov, yoshlar yetakchisi M. Oripov va ijtimoiy xodim M. Toshqulovalarning saʼy-harakatlari tufayli ahillik hukm surmoqda.
Kapitan Sanjar Ahmedov qaysi mahallada ishlamasin, avvalo, uning faollariga tayanadi, bahamjihatlikda ish olib boradi. Shu bois ham koʻzlagan natijalariga erishib kelyapti. Bundan tashqari, yosh xodimlarga murabbiylik qilib, koʻp yillik xizmati davomida orttirgan tajribalarini oʻrgatmoqda. Leytenantlar Nasriddin Rajabov, Hamza Qazoqov, Humoyun Sharofiddinov shular jumlasidandir.
Yurtimizda har bir insonning fidokorona mehnati qadr topib kelmoqda. Kapitan Sanjar Ahmedovning ham xizmat faoliyatida erishayotgan yutuqlari munosib baholanib, «Sodiq xizmatlari uchun» medaliga loyiq topildi.
- Bu mukofotni nafaqat menga, balki mahalla faollari xizmatiga berilgan yuqori baho deb bilaman, — deydi u gʻururlanib. — Chunki qanday yutuqqa erishmayin, avvalo, barchasining zamirida men bilan yonma-yon xizmat qilayotgan, qoʻllab-quvvatlab turgan mahalladoshlarimning hamda oilamning hissasi katta. Yuksak mukofot meni yanada fidoyilik bilan xizmat qilishga undaydi.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz. "Postda"
Buxoro viloyati
