Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish — adolat poydevori
2026-03-28 06:55:00 / Yangiliklar

Jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradigan, davlat boshqaruviga boʻlgan ishonchni yemirib boradigan korrupsiya nafaqat iqtisodiy yoʻqotishlarga, balki ijtimoiy adolatning buzilishiga ham olib keladi. Shu bois bu xavfli illatga qarshi kurash mamlakatimizda ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab qoʻyilgan boʻlib, barcha tizimlarda, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida qatʼiy choralar koʻrilmoqda.
Joriy yilning dastlabki ikki oyi davomida Andijon viloyati ichki ishlar organlari tomonidan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan jami 83 ta jinoyat aniqlangani buning yaqqol isbotidir. Eʼtiborlisi, ushbu jinoyatlarning 12 tasi guruhlar tomonidan sodir etilgan boʻlib, natijada 99 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Aniqlangan holatlar oqibatida yetkazilgan 5 milliard 960 million soʻmdan ortiq zararning 3 milliard 529 million soʻmi, yaʼni 65,5 foizi aybdor shaxslardan undirilgani ham tizimli ish olib borilayotganini koʻrsatadi. Bu raqamlar faqat statistika emas, balki har bir noqonuniy harakat jazosiz qolmasligining amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, jinoyat turlari tahlili korrupsiya bilan bogʻliq xavflar hali ham dolzarbligicha qolayotganini koʻrsatadi. Xususan, 8 ta tovlamachilik va 31 ta firibgarlik holatlari aniqlangani ayrim shaxslar hali hanuz manfaat orttirish maqsadida noqonuniy yoʻllarni tanlayotganini anglatadi.
Bu holatni Marhamat tumanida yuz bergan voqea misolida ham koʻrish mumkin. Tuman kadastr tizimi bilan bogʻliq masalani «hal qilib berish»ni vaʼda qilgan shaxs yer maydonining toifasini oʻzgartirish orqali qarorga taʼsir oʻtkazishini aytib, evaziga 70 ming AQSH dollari talab qilgan. Kelishuv jarayonida soʻralgan pulning 40 ming AQSH dollari Andijon shahrida olinayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Mazkur holat nafaqat jinoyat, balki tizimdagi korrupsion xavflarning qay darajada jiddiy ekanligiga misoldir. Chunki bunday holatlarda faqat pul emas, balki qonun ustuvorligi, adolat va jamiyat ishonchi savdo obyektiga aylanib qoladi.
Valyuta qimmatliklarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatlar ham diqqatdan chetda qolmayapti. Joriy yilda 9 ta shunday holat aniqlanib, ular boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Natijada 38 ming 390 AQSH dollari, 3 500 yevro va 45 800 rubl kabi mablagʻlar noqonuniy aylanmadan olingan. Bu raqamlar ortida esa bir haqiqat yotadi: korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazo choralari bilan cheklanmasligi kerak. Uning ildizlarini bartaraf etish, aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir.
Xulosa qilib aytganda, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar korrupsiyaga qarshi kurashda murosasiz yondashuv shakllanayotganini koʻrsatadi. Eng muhimi, har bir aniqlangan jinoyat bu tizim tozalanayotganining belgisi. Agar jamiyatning har bir aʼzosi qonunga hurmat bilan yondashsa, noqonuniy yoʻllardan voz kechsa, korrupsiyaga qarshi kurash samarasi yanada yuqori boʻladi. Adolat ustuvor boʻlgan joyda esa taraqqiyot barqaror boʻladi.
Sanjar JABBOROV, Andijon viloyati IIB boshligʻi, polkovnik.
