Surxondaryoda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabulda aholi murojaatlari atroflicha koʻrib chiqilib, muammolar tizimli hal qilishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi
2026-03-27 20:10:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan biri — aholi bilan ochiq va samarali muloqotni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Mazkur yoʻnalishda ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolar bilan bevosita muloqotni taʼminlash, aholi murojaatlari va ehtiyojlarini atroflicha oʻrganish, kelib tushgan ariza va takliflarni qonunchilik talablari asosida oʻz vaqtida koʻrib chiqish hamda ular yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 26-mart kuni Ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Rustam Mirzayev tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi.
Qabul Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi binosida boʻlib oʻtdi.
Qabul davomida ichki ishlar organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi, qonuniylikka rioya etish, xizmat faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, tergov va surishtiruv jarayonlari, ishga joylashish va qayta tiklash, yoʻl harakati xavfsizligi, hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan murojaatlar koʻrib chiqildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, murojaatlarning aksariyati qabul jarayonining oʻzidayoq ijobiy hal etildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etgan masalalar esa masʼullarga biriktirilib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Bunday ochiq muloqotlar aholining dardini eshitish, muammolariga yechim topish va davlat idoralariga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.








