Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Salar” MFYda oʻrganishlar hamda yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi
2026-03-27 18:10:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan “Salar” mahalla fuqarolar yigʻinida aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan muhim tadbir — boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur yarmarka IIV oʻrinbosari general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich tashabbusi va bevosita ishtirokida oʻtkazildi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad mahalladagi ishsiz fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash, ularni turli kasb-hunarlarga yoʻnaltirish hamda daromad manbaiga ega boʻlishlariga koʻmaklashishdan iborat boʻldi.
Tadbir doirasida vazir oʻrinbosari “Salar” mahallasi “yettiligi” bilan suhbatlashib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar yuzasidan fikr almashdi. Suhbat davomida har bir xonadonga individual yondashuvni kuchaytirish, yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish va ularni ish bilan taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Yarmarkada turli tashkilot va korxonalar oʻzlarida mavjud boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Fuqarolarga ish sharoitlari, maosh miqdori va talab etiladigan koʻnikmalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, ish izlovchilar bilan ish beruvchilar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yoʻlga qoʻyildi.
Tadbir davomida koʻplab yoshlar oʻzlariga mos ish oʻrinlarini topish imkoniga ega boʻlishdi. Ayrim fuqarolar bilan joyida mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish ishlari ham amalga oshirildi.
Shu bilan birga, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi, kasbga yoʻnaltirish va qayta tayyorlash kurslari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Bunday amaliy tadbirlar aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va yoshlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi







