Anjuman. Innovatsion rivojlanish asosi
2026-03-26 23:00:00 / Yangiliklar

Kelajakni zamonaviy bilimlarni egallagan bar-kamol avlod yaratadi. Bugun yurtimizda yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor zamirida shunday ezgu maqsad mujassam.
Shu oʻrinda IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida oʻquv jarayonlarining samaradorligi bilan birga, PhD ilmiy darajasiga ega boʻlgan ustozlar sonini oshirish strategik maqsad sifatida belgilanganligini taʼkidlash joizdir.
Maktab-internatida “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Zamonaviy taʼlim tizimida innovatsion rivojlanish va yangi avlod kompetensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman zamonaviy taʼlim va ilmiy izlanishning debochasi boʻldi deyish mumkin.
Tadbirda respublika taʼlim tizimiga kompetensiyaviy yondashuvni izchil joriy qilish, fanlarni oʻqitishda ilgʻor pedagogik tajribalar va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, taʼlim jarayonini raqamlashtirish hamda STEAM va fanlararo integratsiya asosida taʼlim oluvchilarning zamonaviy bilim, koʻnikma va malakalarini rivojlantirish masalalari ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan muhokama qilindi.
Shuningdek, konferensiyada taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi interfaol metodlar va baholashning zamonaviy shakllarini takomillashtirish, raqamli taʼlim platformalari va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, tanqidiy, ijodiy, kommunikativ hamda ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarni rivojlantirish, jumladan, ixtisoslashtirilgan va oliy taʼlim muassasalarida, huquqiy taʼlimda kompetensiyaviy yondashuv va raqamli transformatsiya boʻyicha ilgʻor tajribalarni umumlashtirish hamda ommalashtirish xususida soʻz yuritildi.
©️ “Postda” gazetasi, Sumbuloy Saidova, IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻqituvchisi.
