Qoraqalpogʻiston Respublikasi masʼul rahbarlari ishtirokida Nukusda jinoyatchilik sabablari muhokama qilindi
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Nukus shahrida yuz bergan ogʻir oqibatli jinoyatning kelib chiqish sabablari Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori va Ichki ishlar vazirining rahbarligida muhokama qilindi.
Tadbirga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyor Torebekov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori Sh.Aminovlar Nukus shahridagi mahalla fuqarolar yigʻini yetakchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda asosiy eʼtibor Respublikamiz hududida, shu jumladan, Nukus shahri hududida soʻnggi vaqtda uchragan jinoyatlar muhokama qilinib, ularning kelib chiqish sabablariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, har qanday huquqbuzarlik va jinoyatlarga fuqarolarning spirtli ichimliklar isteʼmol qilishi asosiy sabab boʻlmoqda. Haqiqatan ham ayrim fuqarolar spirtli ichimlikni haddan ziyod miqdorda isteʼmol qilishi oqibatida turli jinoyatlarga qoʻl urish holatlari uchramoqda.
Shuning uchun ham uchrashuvda spirtli ichimlikka berilgan, notinch oila aʼzolari bilan individual tarzda ishlash, ayniqsa bu borada qishloqning yoshi kattalari ham targʻibot-tashviqot ishlarini olib borib, toʻgʻri yoʻl-yoʻriq, maslahat-maslahatlarini doimiy ravishda berib borishi maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Shuningdek, mahalla yettiligi faoliyati samaradorligini oshirish va shu orqali salbiy holatlarning oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Shu bois yigʻilishda mahalla fuqarolar yigʻinlari vakillari va hamkor tashkilotlar xodimlariga nisbatan jinoyat sodir etilgan, holatlardan toʻgʻri xulosa chiqarib, kelgusida bunday jinoyatlarning oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, jinoyatlarning oldini olishda — nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, balki har bir fuqarodan faollik talab etiladi. Shunday ekan atrofimizda yuz berayotgan voqealarga befarq boʻlmasligimiz kerak.
Chunki yashab turgan hududimizning huquqbuzarlik va jinoyatlardan xoli boʻlishi — oʻzimiz va yaqinlarimizning xavfsiz hayot kechirishiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida kelgusida bunday holatlarning oldini olish boʻyicha yigʻilgan masʼul xodimlarga vazifalar belgilab berildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati









