Belarus Respublikasi vakillari mamlakatimizga amaliy tashrif doirasida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida boʻldi
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Tergov qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Anatoliy Vasilev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari dastlab akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Axborot-resurs markazi, Taʼlim sifatini monitoring va nazorat qilish markazi, sport majmuasi hamda boshqa muhim obyektlarni tanishtirish jarayonida mehmonlarga akademiyaning ulkan salohiyati va imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Delegatsiya aʼzolari zamonaviy sharoitlarni koʻzdan kechirib, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar va ilgʻor yondashuvlarga yuqori baho berishdi.
Shundan soʻng akademiya boshligʻi Rustam Xatamov mehmonlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda Oʻzbekiston – Belarus munosabatlarining hozirgi holati, oʻzaro kelishuvlar doirasida erishilayotgan natijalar, istiqboldagi ustuvor yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya rahbari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar koʻplab manfaatli sohalar, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish tizimida izchil rivojlanib borayotganini eʼtirof etdi.
Keyingi yillarda Belarusning turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan tajriba almashinuvi sezilarli darajada faollashganini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Anatoliy Vasilev koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda har ikki mamlakat ulkan salohiyatga ega ekani, galdagi tashrif aloqalarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish va amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishini qayd etdi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish, professor-oʻqituvchilar va taʼlim oluvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, bu borada tomonlarning ilgʻor tajribalarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar uchrashuv ochiq va konstruktiv tarzda oʻtganini eʼtirof etgan holda hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








