IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan poytaxt tumanlarida “mahalla yettiligi” uchun seminar-treninglar tashkil etilmoqda
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Shu kunlarda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek, Chilonzor va Yangihayot tumanlarida “mahalla yettiligi” xodimlari uchun seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Tizimning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan mashgʻulotlarga mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari hamda profilaktika inspektorlari jalb qilingan.
Seminar-treningda xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan dolzarb mavzular qamrab olingan boʻlib, mashgʻulotlar manfaatdor vazirlik va tashkilotlar, sud-huquq tizimi vakillari, shuningdek qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan interfaol yondashuvlar asosida olib borilmoqda.
Mashgʻulotlar davomida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni mutasaddi rahbarlar ishtirokida muhokama qilish, ularning yechimlari boʻyicha aniq taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish, strategik maqsad va vazifalarni belgilab olish hamda amalga oshirish, tizimga yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan uchrashuvlar ham tashkil etiladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, seminar-trening natijadorligini oshirish maqsadida xodimlarning bilim va koʻnikmalari sinovlar orqali baholab boriladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








