Diqqat, firibgarlar faollashmoqda!
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Soʻnggi vaqtlarda ayrim shaxslar oʻzini ichki ishlar organlari xodimi yoki tizimga aloqador deb tanishtirib, fuqarolarga “pul evaziga ishingizni hal qilib beramiz” kabi noqonuniy takliflar bildirmoqda.
Joriy yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda quyidagi holatlar aniqlandi:
2026-yil 17-mart kuni fuqaro M.A goʻyoki Toshkent shahar IIBB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali “chiroyli kombinatsiyali davlat raqam belgilarini olib berishini” aytib, ariza muallifidan 1.800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
2026-yil 24-mart kuni fuqaro M.L. goʻyoki IIV YHXBda tanishlari borligini aytib, yoʻl transport hodisasi yuzasidan javobgar qilmaslik va avtomashinasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga ariza muallifidan 6 mln. soʻm olgan vaqtida ushlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan fuqaro M.A. va M.L.larga nisbatan Jinoyat kodeksi 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Fuqaro A.A joriy yilning 21-mart kuni fuqaro A.T ga qoʻngʻiroq qilib, goʻyoki oʻzini “Fargʻona viloyati IIB Kiberxavfsizlik boʻlimi xodimi” deb tanishtirib, uning ustidan ariza tushganligini aytib, ishni ijobiy hal qilish evaziga 2,5 mln soʻm pullarni plastik kartasiga oʻtkazib olganligi aniqlangan.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha, yuqorida koʻrsatilgan shaxslar ichki ishlar organlariga hech qanday aloqador emas. Ular fuqarolarni chalgʻitish orqali moddiy manfaat orttirishga urinayotgani, yaʼni xodimlar nomini sotish orqali ichki ishlar organlari shaʼni va obroʻsiga putur yetkazayotgani aniqlandi.
Mazkur shaxslarning bunday xatti-harakatlari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi va qonun doirasida qatʼiy choralar koʻrilishi muqarrar.
Shu kabi holatlarga duch kelsangiz, zudlik bilan “1102” ishonch telefoni yoki Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining (71) 231-31-74 raqamli telefoniga murojaat etishingiz soʻraladi.
Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Ogoh boʻling, yaqinlaringizni ham ogoh qiling! Firibgarlarga aldanmang!
