Yakkasaroy tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va jinoyatchilikning oldini olish masalalari muhokama qilindi
2026-03-25 21:05:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov, Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi Baxtiyor Berdialiyev hamda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova tumandagi “Yakkasaroy kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida sanoat hududlarida yaratilgan sharoitlar, ishlab chiqarish quvvatlari, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy mexanizmlar hamda yangi investitsiya loyihalarining samaradorligi atroflicha koʻrib chiqildi.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, ularning faoliyat jarayonida duch kelayotgan muammolari, takliflari va tashabbuslari tinglandi. Muloqot davomida ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda hudud iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga doir qator masalalar muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, hududlarda tadbirkorlik va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash hamda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kuni Yakkasaroy tumanidagi “Yakkasaroy” mahallasida jinoyatchilikning oldini olish, hududdagi kriminogen vaziyatni tahlil qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan tanqidiy yigʻilish ham boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, tuman sudi raisi Alisher Jalilov, hokim oʻrinbosarlari, tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi J.Ergashev, tuman IIO FMB boshligʻining oʻrinbosari hamda mahalla yettiligi aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida hududdagi jinoyatchilik holati, profilaktika ishlari samaradorligi va mavjud kamchiliklar tahliliy asosda koʻrib chiqildi. Jumladan, “Yakkasaroy” mahallasi jinoyatchilik koʻrsatkichlari boʻyicha “sariq hudud” toifasiga tushib qolgani alohida qayd etilib, ushbu holatning sabab va omillari muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida mahallada huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish ishlarini yanada kuchaytirish, aholi, ayniqsa yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, shuningdek, mutasaddi idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti



