Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov tomonidan Toshkent viloyatida jazoni ijro etish muassasalari faoliyati oʻrganilib, mahkumlarni tarbiyalash va kasbga yoʻnaltirishdagi islohotlar va natijalar tahlil qilindi
2026-03-25 20:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov tomonidan Chirchiq shahrida joylashgan 13-son hamda Boʻstonliq tumanidagi 7-son jazoni ijro etish koloniyalarining faoliyati, muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlar, mahkumlarni tarbiyalash va ularni jamiyatga qayta moslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida, Davlat rahbarining tashabbuslari bilan mahkumlarga yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, ularni axloqan tuzatish, kasb-hunarga oʻrgatish hamda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va foydali mehnatga jalb etish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Jazoni ijro etish muassasalardagi tibbiyot va reabilitatsiya boʻlinmalari, mahkumlar uchun uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ixtisoslashtirilgan maktab filiallari, maʼnaviyat va maʼrifat markazlari, oshxona va yotoqxonalar faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda mahkumlarning sogʻligi, taʼlimi va maʼnaviy tarbiyasiga qaratilgan ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Muassasalardagi ishlab chiqarish korxonasi sexlari faoliyati hamda mahkumlarni kasbga oʻrgatishga qaratilgan “Monomarkaz”lar faoliyati ham alohida oʻrganilib, bu yoʻnalishni yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Tadbir jarayonida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarni tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytirishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi sifatida, Ichki ishlar vaziri tomonidan tegishli masʼullar ishtirokida jazo muddatini oʻtayotgan yosh mahkumlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Unda har bir mahkum davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ichki tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etgan holda, kelajakda jamiyatga sogʻlom fikrli, kasb-hunarli va halol mehnat orqali hayot kechiradigan shaxs sifatida qaytishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Yoshlar bilan savol-javob oʻtkazilib, taklif va mulohazalari tinglandi, murojaatlari qabul qilindi.
Shuningdek, muassasalardagi maktab binolari, xorijiy tillar oʻqitiladigan sinfxonalar, kutubxona, psixolog xizmatlari hamda “Media targʻibot” xonalari bilan tanishilib, ushbu sohalarni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Tashrif yakunida muassasa rahbarlariga shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish, xodimlarning xizmat faoliyatini muntazam nazorat qilish va ularning muammolarini hal etishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bu kabi oʻrganishlar boshqa mintaqalarda ham davom etadi.









