Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Oʻzbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining migratsiya masalalari boʻyicha ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-03-25 19:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24–25-mart kunlari Toshkent shahrida, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binosida Oʻzbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining mehnat migratsiyasi, migrantlar huquqlarini himoya qilish hamda migratsiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti vakillari, shuningdek, ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyalari ishtirok etdi. Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari D.Qosimov hamda Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurorining oʻrinbosari P.Gorodov hamraisligida oʻtkazildi.
Yigʻilishning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida oʻtkazilishi prokuratura organlarining qonuniylikni taʼminlash hamda migratsiya sohasida davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishdagi muvofiqlashtiruvchi rolini aks ettiradi.
Uchrashuv davomida tomonlar migratsiya sohasidagi joriy holatni muhokama qilib, mavjud muammoli masalalarni belgilab oldilar hamda ularni hal etish yoʻllarini koʻrib chiqdilar. Yigʻilish yakunlari boʻyicha migratsiya sohasida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan, har ikki davlat manfaatlarini inobatga olgan holda qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.




