Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida bir qator amaliy ishlar oʻrganilmoqda
2026-03-25 17:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida fuqarolar uchun xavfsiz va qulay muhitni shakllantirish, mavjud muammolarni joyiga chiqib oʻrganish maqsadida tizimli oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar davomida tumanda joylashgan muhim obyektlar va aholi gavjum hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bilan bogʻliq holatlar tahlil qilindi. Jumladan, tuman hududidagi bozorlar faoliyati oʻrganilib, fuqarolarga qulayliklar yaratish, hududlarni toʻliq kameralashtirish, sanitar holatlari va yongʻin xavfsizligi holatlari koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” bilan muloqot chogʻida mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarga eʼtibor qaratdi. Mahallada ayollar va yoshlar oʻrtasida maishiy-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bandlik masalalarini hal qilish, huquqiy targʻibotlarda “mahalla targʻibotchilari” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ijtimoiy profilaktika tadbirlari samaradorligini oshirish zarurligini qayd etdi.
Oʻrganishlar yakunida ishchi guruh vakillari mahalla fuqarolar yigʻinida aholi uchun yaratilgan sharoitlar, koʻp qavatli va yakka tartibdagi uylar atrofida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi



