Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida oʻquv seminari tashkil etildi
2026-03-25 11:30:00 / Yangiliklar

Bugun Kriminologiya tadqiqot institutida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari vakillarining ushbu yoʻnalishdagi masʼuliyatini oshirish, ularning faoliyati samaradorligini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirishdan iborat boʻldi.
Seminar davomida ichki ishlar organlari faoliyatiga daxldor xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi koʻrsatkichlari har tomonlama tahlil qilindi. Shuningdek, mavjud natijalarni yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar, amalga oshirilishi zarur boʻlgan aniq chora-tadbirlar, shuningdek, amaliyotda uchrayotgan xato va kamchiliklar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama etildi.
Tadbir doirasida xalqaro indekslar tarkibidagi ayrim indikatorlar boʻyicha erishilgan natijalar, ularning shakllanishiga taʼsir etuvchi omillar hamda koʻrsatkichlarni yanada yaxshilashga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ayniqsa, fuqarolarning subyektiv baholari, xalqaro ekspertlar xulosalari hamda ochiq axborot manbalaridagi maʼlumotlarning reyting koʻrsatkichlariga taʼsiriga alohida eʼtibor qaratildi.
Seminar yakunida sohaviy xizmatlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan ijobiy natijalar hamda ilgʻor tajribalarni xalqaro reyting tashkilotlariga tizimli, shaffof va ishonchli axborot almashinuvi asosida taqdim etish zarurligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti



