Probatsiya xizmati. Qoqilganni suyash kerak
2026-03-24 17:10:00 / Yangiliklar

Xalqimizda «Toʻrt oyoqli ot ham qoqiladi» degan naql bor. Hayotda hamma ham adashishi, xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin. Muhimi oʻsha xatodan toʻgʻri xulosa chiqarib, jamiyatda oʻz oʻrnini qayta topishdir. Shunday paytda uni suyash lozim.
Inson qachon jinoyatga qayta qoʻl urmaydi? Qachonki boshqalarga kerakligini his qilsa, oilasi oldidagi masʼuliyatini anglasa va halol mehnat qilib rizq topish imkoniga ega boʻlsa. Probatsiya xizmati xodimlarining faoliyati nazorat ostidagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bu borada Nukus tumani IIB JXX Probatsiya guruhi xodimlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan 2025-yil davomida ularning qayta jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida nazorat ostidagilarning holidan xabar olindi. Ularning bandligini taʼminlash maqsadida 19 marotaba mehnat yarmarkasi oʻtkazilgan.
Xususan, jazoni oʻtash muassasasidan ozod etilgan X.Q.ga tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun 11 million soʻm miqdorida dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi berildi. Shuningdek, O.T. ning aholini sut va goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun moddiy yordam soʻrab qilgan murojaati qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari, joylarda oʻtkazilgan sayyor sudlarda Probatsiya guruhi taqdimnomasiga asosan 42 nafar nazoratdagi shaxs jazoni oʻtash tartiblariga amal qilib, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtganligi sababli muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan.
Joriy yilda 20 nafar shaxs Probatsiya guruhi hisobiga olinib, 18 nafari hisobdan chiqarildi. Ayni paytda 64 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni oʻtamoqda. Ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal qilish, sogʻligʻini tiklash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Eng asosiysi, mazkur shaxslarga halol mehnat qilishning afzalliklari tushuntirilyapti.
- Afsuski, berilgan imkoniyatlardan foydalanmaydigan shaxslar ham uchrab turadi. Yil boshidan buyon jazoni oʻtash tartib-qoidalariga rioya etmasdan kelayotgan 2 nafar mahkumning jazosi ogʻirroq turiga almashtirildi, — deydi Nukus tumani IIB JXX Probatsiya guruhining katta inspektori, kapitan Dauletbay Xojamuratov.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, probatsiya nazoratidagi shaxslarga jamiyatda oʻz oʻrnini topishga koʻmaklashish faqatgina ichki ishlar organlari xodimlarining vazifasi emas. Ularni keng jamoatchilik, ayniqsa, yaqin qarindoshlari ham qoʻllab-quvvatlashi lozim. Zero, oʻz vaqtida berilgan foydali maslahat, pand-u nasihat har qanday kishining hayotga notoʻgʻri qarashini ijobiy tomonga oʻzgartirishi mumkin.
Azamat PIRNIYAZOV, oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
