Munosib xizmat va fidoyilikka yuksak eʼtibor: Buxoroda ichki ishlar xodimlari hamda faxriylariga xizmat uylari bepul mulk qilib berildi
2026-03-24 16:30:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, ularning munosib sharoitlarda xizmat olib borishini taʼminlash hamda oilaviy farovonligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Xalq tinchligi va jamiyat xavfsizligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifani sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarni, shuningdek, el-yurt osoyishtaligi yoʻlida koʻp yillik mehnatini singdirgan faxriylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada, ayniqsa, soha vakillarini uy-joy bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi mustahkam kafolatlanmoqda.
Ana shunday yuksak eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlikning navbatdagi namunasi sifatida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida koʻtarinki ruhda tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Anvarovich Tashpulatovning tegishli buyruqlari oʻqib eshittirildi hamda tizimda samarali mehnat qilayotgan bir guruh xodimlar va nafaqadagi faxriylarga tantanali ravishda topshirildi.
Vazirning tegishli buyrugʻiga asosan, kalendar hisobda 20-yil va undan koʻp xizmat qilgan, avval uy-joy bilan taʼminlanmagan hamda xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan bir qator xodimlarga ehtirom koʻrsatildi. Turli rahbarlik lavozimlarida, shuningdek, patrul-post va boshqa xizmatlarda sadoqat bilan mehnat qilayotgan ofitser va serjantlarga oʻzlari istiqomat qilib kelayotgan xonadonlardan “xizmat uyi” maqomi yechilib, ular bepul shaxsiy mulk etib rasmiylashtirib berildi.
Shuningdek, tadbirda soha faxriylarining koʻp yillik mehnati ham munosib qadrlandi. Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻi oʻqib eshittirildi. Unga koʻra, ichki ishlar organlarida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan yoki xizmat davrida orttirilgan kasalligi oqibatida xizmatdan boʻshatilgan isteʼfodagi xodimlarning ham yashab turgan uylaridan “xizmat uyi” maqomi yechildi. Turli yillarda tizimda samarali mehnat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan pensionerlarga bu uylar bepul shaxsiy mulk sifatida hadya qilindi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan bunday ulkan eʼtibor koʻp yillar davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonuniylikni mustahkamlashda jonbozlik koʻrsatgan fidoyilar uchun munosib ragʻbatdir. Oʻzining shaxsiy uy-joyiga va mustahkam ijtimoiy himoyasiga ega boʻlgan xodim ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan, bor kuch-gʻayratini jamiyat xavfsizligini taʼminlashga qaratadi. Bu kabi ezgu tashabbuslar xodimlar oʻrtasida xizmat intizomini mustahkamlashga, ularning maʼnaviy-ruhiy holatini koʻtarishga va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati





