Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Xalqimiz osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash yoʻlida” nomli yangi tarixiy kitob taqdimoti oʻtkazildi
2026-03-24 12:25:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati huzurida barcha shaxsiy tarkib ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Buxoro viloyati ichki ishlar organlari tarixiga bagʻishlangan “Xalqimiz osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash yoʻlida” nomli yangi kitobning tantanali taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mamlakatimiz ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylarining kelgusi avlodlarga namuna boʻladigan jasoratini, koʻrsatgan ibrat namunalarini ommalashtirish, Vatanimiz mustaqilligi va el-yurtimiz osoyishtaligi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini eʼzozlash va abadiylashtirish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan biridir. Yangi nashr etilgan ushbu kitob ayni shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Taqdimot marosimiga Oʻzbekiston tarixchilar jamiyati Buxoro viloyati boʻlimi raisi, dotsent Hamrayev Azalshoh Hazratovich taklif etildi. Dotsent oʻz maʼruzasida yigʻilganlarga asarning ilmiy va tarixiy ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Shu bilan birga, monitorda kitobning yaratilish tarixi va mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan maxsus prezentatsiya namoyish etildi. Tadbir yakunida tizim tarixini yoritishdagi xizmatlari eʼtirof etilib, hurmatli mehmonga milliy anʼanalarimizga koʻra toʻn kiydirildi va ehtirom bilan kuzatib qoʻyildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu kitob-albomda Buxoro ichki ishlar organlarining qadimgi davrlar va Oʻrta asrlar tarixidan tortib, to bugungi zamonaviy faoliyatigacha boʻlgan rivojlanish jarayonlari ilmiy asosda chuqur tahlil qilingan. Boshqarma tarixi faqat quruq sanalar va hujjatlar majmuidan iborat emas. Unda har bir avlod vakillarining sadoqati, matonati va fidoyiligi, milliy qadriyatlar va davlat xizmatining uygʻunligi hayotiy tajribalar orqali yoritib berilgan.
Asarning asosiy maqsadi, ichki ishlar organlarining ijtimoiy ahamiyati, huquqiy masʼuliyati va xalq oldidagi xolis hamda fidoyi xizmatini keng ommaga ochiq koʻrsatib berishdir. Ushbu kitob oʻtmish avlodlar merosini anglash, ularning fidoyiligini eʼzozlash hamda kelajak avlodni ilhomlantirish uchun ilmiy-tahliliy va adabiy jihatdan mukammal manba boʻlib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati





