IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentida Navroʻz bayrami munosabati bilan bir guruh soha fidoyilari munosib taqdirlandi
2026-03-23 14:00:00 / Yangiliklar

Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va ezguliklar bayrami sifatida yurtimizda keng nishonlanadi. Ushbu qutlugʻ ayyom munosabati bilan mamlakatimizda turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi xodimlar ragʻbatlantirilmoqda.
Jumladan, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich tashabbusi tomonidan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari munosib taqdirlandi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, transport infratuzilmalari va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash – bugungi kunda juda muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ushbu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan xodimlar oʻz xizmat burchini vijdonan ado etib, fuqarolar tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlashda munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Taqdirlash marosimida xizmatda alohida namuna koʻrsatgan, oʻzining masʼuliyatli va halol mehnati bilan ajralib turgan xodimlarga faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari va tashakkurnomalar, xamda koʻkrak nishonlari topshirildi. Bu esa ularning kelgusidagi faoliyatiga yanada ruh va ilhom bagʻishladi.
Shuningdek, tadbir davomida soha xodimlariga bildirilgan ishonch va eʼtibor ularni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirishi, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlidagi xizmatlarini yanada samarali qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Navroʻz bayramining ana shunday ezgu anʼanalari – inson qadrini ulugʻlash, mehnat ahlini eʼzozlash va ragʻbatlantirish orqali jamiyatda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi







