Ehtirom. Onalarning quvonchi
2026-03-23 23:00:00 / Yangiliklar

Bagʻdod tumanining “Jalayer” mahallasida istiqomat qiluvchi Tojixon aya Dolimova bu yil 73 bahorni qarshi oladi. Onaxon tuman shifoxonasida koʻp yillar hamshira boʻlib ishlagan. Turmush oʻrtogʻi Maʼmurjon Dolimov bilan hamjihatlikda 3 qiz va 1 oʻgʻilni munosib tarbiyalab, voyaga yetkazishdi.
Oʻgʻli podpolkovnik Elbekjon Dolimov 20-yilki, ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib kelmoqda. Tojixon aya farzandlari tufayli koʻp va xoʻp rahmatlar eshitgan. Ammo bu gal Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida eshitgan rahmatidan boshi osmonga yetib, 10 yoshga yoshargandek boʻldi.
Bayram kuni onaxonga Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov nomidan Minnatdorlik xati topshirildi.
Farzand oʻstirib, uning ortidan rahmat eshitsang, butun umr chekkan zahmatlaring unutilib, charchoqlaring chiqib ketarkan, — deydi onaxon quvonchini yashirolmay. — Xalqiga munosib xizmat qilayotgan shunday pahlavon oʻgʻlim borligidan faxrlanaman.
Fargʻona tumani IIB 1-sonli huquq-tartibot maskani patrul-post xizmati inspektori, safdor Jahongir Shokirov ham oʻz burchini namunali bajarib, safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan oʻgʻlonlar sirasiga kiradi. Ichki ishlar vazirining Jahongirning onasi Mavludaxon Shokirova nomiga yoʻllagan Minnatdorlik xati ham bayram arafasida egasiga topshirildi.
Minnatdorlik xatida bildirilgan samimiy dil soʻzlarini farzand oʻstirib, uning kamolini koʻrishni orzu qilgan Mavludaxon aya ulkan mukofot sifatida qabul qildi. Quvonchi ichiga sigʻmay, koʻrsatilgan ehtirom uchun vazirlik rahbariyatiga tashakkur izhor etdi.
Maʼlumot uchun: uning farzandi, safdor Jahongir Shokirov ham 20-yildan buyon patrul-post xizmatida samarali faoliyat koʻrsatib keladi. Bugun tajribali xodim sifatida yoshlarga murabbiylik qilib, kasb sir-asrorlarini baholi qudrat oʻrgatib kelayotgani esa tahsinga sazovordir.
20-yilki, xalq bilan hamnafas xizmat olib borib, jamoat tartibini saqlab kelaman, — deydi safdor Jahongir Shokirov. — Bugun onamning koʻzidagi quvonchni koʻrib, farzand sifatida gʻururlandim. Vazirlik rahbariyatiga mingdan-ming rahmat aytaman. Bizdek oddiy xodimlarning kamtarona xizmatimizni qadrlab, onamizga ehtirom koʻrsatgani uchun tashakkur. Bu ehtiromni oʻzimning sadoqatli xizmatim bilan, albatta, oqlayman.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
