Buxorolik fidoyi xodimlar yuksak eʼtirofga munosib koʻrildi
2026-03-23 10:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu sana bevosita xalq ichida, mahalla rivoji va el-yurt osoyishtaligi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarga koʻrsatilgan yuksak ehtirom ramzidir.
Bayram munosabati bilan Buxoro viloyati hokimligida davlat mukofotlari va esdalik nishonlarini oʻz egalariga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov barcha yigʻilganlarni samimiy qutlab, bugungi kunda oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan mahallaning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Xususan, davlatimiz rahbarining Navroʻz bayramidagi maʼruzasida ham ijtimoiy muammolarni joyida hal etishda mahalla yettiligi va faol fuqarolarning ishtiroki muhim ekanligi alohida eʼtirof etilganligi yodga olindi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-martdagi farmoniga asosan bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlari, shuningdek, koʻp yillik samarali mehnati uchun “Mahalla iftixori” va “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Biz uchun eng faxrli va qalbni gʻururga toʻldiradigan jihati shundaki, el-yurt tinchligi yoʻlida kechayu kunduz xizmat qilayotgan hamkasblarimiz, yaʼni Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari ham ushbu yuksak eʼtiroflarga munosib koʻrildi.
Jumladan, Romitan tumani Ichki ishlar boʻlimining “Qumrabot” mahalla fuqarolar yigʻini profilaktika katta inspektori, kapitan Axmedov Sanjar Baxtiyorovich Prezident farmoni bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi. Uning mahalladagi har bir oila xotirjamligi va yoshlar taqdiri uchun halovatdan kechib qilgan xizmatlari, el ishonchini qozonib, inson qadrini ulugʻlash gʻoyasini amalda isbotlagani ushbu yuksak eʼtirofga asos boʻldi.
Shuningdek, Olot tumani Ichki ishlar boʻlimining “Arabxona” mahallasi profilaktika inspektori, mayor Yunusov Obidjon Ganjiyevich Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni bilan munosib taqdirlandi.
Haqiqiy va sadoqatli xizmat hech qachon eʼtiborsiz qolmaydi. Ushbu eʼtirof nafaqat taqdirlangan safdoshlarimizning, balki xalq osoyishtaligi yoʻlida tunlarini bedor oʻtkazayotgan butun Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoasining mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Bu yutuq barcha xodimlar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi. Yuksak mukofotlar muborak boʻlsin, mashaqqatli va sharafli xizmatingizda doimo zafarlar yor boʻlishini tilab qolamiz.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






