Soha fidoyilari. Hamisha sergak
2026-03-22 14:30:00 / Yangiliklar

Navbahor Fayziyeva huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatini 2019-yilda Zarafshon shahar Qoʻriqlash boʻlimida boshlagan edi. Xizmatda erishgan yutuqlari uchun 2024-yilda «Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining fidoyi xodimi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Ayni paytda Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati alohida batalyoni 1-otryad safdor xodimi. U xizmatni «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining nazorat postida olib boradi.
- Jamoamizda ayollar koʻp emas, ammo ularning oʻrni alohida sezilib turadi. Navbahor oʻz vazifasiga juda masʼuliyat bilan yondashadi, tartib-intizomga qatʼiy rioya etadi. Nazorat postida xizmat qilish xodimdan doimo eʼtiborli va sergak boʻlishni talab etadi. Navbahor qiyin vaziyatlarda ham oʻzini ogʻir-bosiq tutadi. Ishchilar bilan tushuntirish olib boradi, — deydi hamkasbi, kichik serjant Obid Xudoyqulov.
Lavhamiz qahramonining asosiy vazifasi korxona hududiga kirib-chiqayotgan xodimlar va transport vositalarini belgilangan tartib asosida tekshirish, olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan qurilma va buyumlarni aniqlash hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashdan iborat. Shu kunga qadar korxona hududidan ruxsatnomasiz ravishda ehtiyot qismlarni olib chiqishga boʻlgan koʻplab urinishlarni oʻz vaqtida aniqlab, tegishli tartibda rasmiylashtirgan. U xizmati davomida sergakligi tufayli biror marta ham korxona mol-mulkining noqonuniy olib chiqilishiga yoʻl qoʻymagan.
Kichik serjant Navbahor Fayziyeva bilimlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratadi. Hozirda Navoiy Innovatsiyalar universitetida sirtdan tahsil olib kelmoqda. Jamoadoshlari uni tirishqoqligi, intizomliligi va xushchaqchaqligi bois hurmat qilishadi.
Mahliyo Xolova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Navoiy viloyati
