“Turmush” tadbiri. Ayol bilan mustahkam qoʻrgʻon
2026-03-22 04:45:00 / Yangiliklar

Oqqoʻrgʻon tumani IIB tomonidan mazkur tadbirni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi, mahallalar uyushmasi hamda diniy ishlar boʻyicha idora vakili hamkorligida barcha mahallalarda xonadonbay oʻrganishlar olib borilmoqda. Asosiy eʼtibor ijtimoiy himoyaga muhtoj, nizoli va notinch oilalar ahvolini oʻrganishga qaratilib, aniqlangan muammolar joyida bartaraf etishga harakat qilyapmiz.
Hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarda asosiy eʼtibor notinchlik va nizolar sabablarini oʻrganishga qaratilmoqda. Sabablar oʻrganilgach, arzimas vajlar tufayli nizolashgan 5 ta oila yarashtirildi. Farzandlari uchun aliment toʻlovidan bosh tortgan 3 nafar ota bilan tushuntirish ishlari olib borilganidan soʻng ular toʻlovni oʻz vaqtida toʻlab borishni zimmasiga olishdi. Er-xotin oʻrtasidagi 2 ta mol-mulk bilan bogʻlik nizo oʻzaro kelishuvchilik asosida joyida bartaraf etildi. Oila aʼzolari tomonidan tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 5 nafar ayolga himoya orderi berildi.
Afsuski olib borilayotgan tushuntirishlarga qaramasdan 126 ta oila vakillari nizolarini sudlarda koʻrib chiqish boʻyicha murojaat qilishgan.
Shundan 97 tasi nikohni bekor qilish, 16 tasi aliment undirish, 6 tasi uyga kiritish, 5 tasi oilaviy janjal va 2 tasi otalikni belgilash bilan bogʻliq masalalardir.
Sudlar ayollar huquqlarini taʼminlab berar, adolatni qaror toptirar, ammo buzilgan oilani adolatli qaror deb boʻlmaydi. Negaki biri otasiz, boshqasi onasiz qolgan farzandlar qalbidagi dogʻni hech bir qaror ketkaza olmaydi. Shu bois, biz oilaviy nizolarni sudga qadar barham toptirishga, uning muqaddasligini saqlab qolishga, oila shaʼniga dogʻ, bolajonlar qalbiga yara tushmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz.
Dildora FAYZULLAYEVA, tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor.
Toshkent viloyati.
