IIV Buxoro akademik litseyida Navroʻz bayrami keng nishonlandi
2026-03-21 16:40:00 / Yangiliklar

Yasharish va yangilanish ayyomi boʻlmish Navroʻzi olam IIV Buxoro akademik litseyida koʻtarinki shukuh bilan nishonlandi. Tadbir avvalida Boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi soʻzga chiqib, yigʻilgan ustozlar, oʻquvchilar va barcha mehmonlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda oʻzining eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Tantanali marosim litseyning iqtidorli oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan jozibador milliy kuy va qoʻshiqlar bilan davom etdi. El-yurt tinchligi va farovonligini tilab Qurʼon tilovat qilingach, barcha ishtirokchilarga bahoriy bayramlarning asosiy koʻrklaridan biri boʻlgan shifobaxsh halim taomi tortiq qilindi.
Bayram shodiyonalari yoshlar uchun tashkil etilgan ajoyib konsert dasturiga ulanib ketdi. Unda tashrif buyurgan xonandalar oʻzlarining diltortar taronalari bilan yigʻilganlarga xushkayfiyat ulashdilar. Shuningdek, kelajak posbonlari boʻlmish litsey oʻquvchilari tomonidan namoyish etilgan jangovar koʻrgazmali chiqishlar barchaning tahsiniga sazovor boʻlib, bayramga oʻzgacha shijoat va fayz bagʻishladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









