Tuman IIB faoliyatidan. Mahalla hamjihatligi -xavfsiz hayot poydevori
2026-03-20 23:00:00 / Yangiliklar

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi 66 ta mahallaning har biri doimiy eʼtibor markazida. Hududlarda olib borilayotgan profilaktik ishlar natijasida joriy yil davomida 68 ta jinoyat fosh etilishining oʻziyoq bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samaradorligini koʻrsatadi.
Shuningdek, tergov va sud organlaridan qochib yurgan 8 nafar shaxs qoʻlga olindi. Bedarak yoʻqolgan 2 nafar fuqaroning topilib, oilasi bagʻriga qaytarilgani esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilikning hamkorlikdagi izlanishlari natijasi boʻldi.
Targʻibot va tushuntirish ishlari samarasi oʻlaroq, oilaviy kelishmovchiliklar sabab munosabatlar taranglashib ketgan 23 ta oilaning yarashtirilishi, yana 46 ta xonadonda yuzaga kelgan turli nizolarga barham berilgani jamiyatda bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, “Tigʻ” tadbiri davomida 24 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularning yonidagi turli tigʻli buyumlar olib qoʻyildi. Bu esa ehtimoliy ogʻir jinoyatlarning oldini barvaqt toʻsish imkonini berdi.
Albatta, bunday natijalar tasodif emas. Buning zamirida ichki ishlar organlari xodimlari bilan joylardagi jamoatchilik vakillari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik yotadi. Mahallalarda nuroniylar, jamoatchilik faollari va otin-oyilarning ishtiroki keng.
Hududdagi muhim masalalar ular bilan maslahatlashgan holda hal etilmoqda. Ayniqsa, oilaviy mojarolarni bartaraf etishda ularning hayotiy tajribasi va taʼsirchan soʻzi katta ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika inspektorlarining aholi orasida faol ishtirok etishi esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Bu holatni “Qahramon” mahalla fuqarolar yigʻini misolida ham koʻrish mumkin. Mazkur hudud profilaktika inspektori, leytenant Shohruxbek Xudoyberdiyev garchi yosh boʻlsada, mahalladagi hayotning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Uning odamlar bilan samimiy muloqoti, turli tadbirlarda mahalladoshlar bilan birga ishtirok etishi aholining ishonchini qozongan.
Shohruxbek mahallamizning haqiqiy aʼzosiga aylanib qoldi, — deydi mehnat faxriysi Ikromjon Mutalov. — Toʻy boʻladimi yoki aza marosimi, barchasida mahalladoshlar bilan yelkama-yelka xizmat qiladi. Shu bois odamlar har qanday savol yoki muammo bilan unga murojaat qiladi. Natijada koʻplab masalalar mahallaning oʻzida hal boʻlmoqda.
Ayni shu hamjihatlik tufayli hududda huquqbuzarlik holatlari deyarli kuzatilmaydi va mahalla “yashil” toifada saqlanib turibdi.
Mahallamizda 3174 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi leytenant Shohruxbek Xudoyberdiyev. — Ularning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolidan doimiy xabardorman. Chunki koʻpincha turli muammolar aynan shu omillar taʼsirida paydo boʻladi. Amaliy koʻmakka muhtoj oilalarga mahalla yettiligi yordamida koʻmak berib kelyapmiz.
Shu yoʻl bilan 70 ta oilani tikuvchilik sohasiga yoʻnaltirib, bandligini taʼminlashga erishdik. Mahallamizdagi 8 ta koʻchaning har birida jamoatchilik vakillari bor. Ularni mahalladoshlarning oʻzlari saylagan va ularga katta ishonch bildirishadi.
Bu esa tartib-intizomni saqlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, hududda yechim talab qiladigan masalalar ham bor. Masalan, ichkilikka ruju qoʻygan 4 nafar shaxs, shuningdek, nizoli 2 ta oila mavjud.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 3 nafar fuqaro bilan ham alohida tartibda ish olib borilmoqda.
Ularning jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish esa bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Baliqchi tumanida mahalla faollari, nuroniylar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻrtasida shakllangan hamkorlik muhiti jinoyatchilikning oldini olishda samarali mexanizmga aylanmoqda.
Inson taqdiriga befarq boʻlmaslik, muammolarni joyida hal etish, aholi bilan ishonchli muloqot oʻrnatish — mana shu tamoyillar hududda barqarorlikni taʼminlashning eng ishonchli kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Saminjon Husanzoda, Andijon viloyati.
