IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbariyati “Payshanba – Yoshlar kuni” doirasida talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi
2026-03-20 12:00:00 / Yangiliklar

“Payshanba – Yoshlar kuni” doirasida tashkil etilayotgan uchrashuvlar yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xuddi shu maqsadda tashkil etilgan navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” da Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻi, polkovnik U.Tashxodjayev hamda Qarshi davlat texnika universiteti rektori Sherzod Neʼmatov ishtirok etishdi.
Qarshi davlat texnika universitetida tahsil olayotgan talabalar bilan “Vatanparvarlik va yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik va sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha soʻz yuritildi.
Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi masalalariga alohida toʻxtalib, xorijga chiqish va u yerda boʻlish tartiblari yuzasidan yoshlarga tushunchalar berildi.
Yakunda talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga javoblar qaytarilib, ularga huquqiy madaniyatni oshirish, turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmaslik boʻyicha muhim tavsiyalar berildi.
Albatta, bu kabi muloqotlar yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti







