IIV Akademiyasi rahbariyati ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi
2026-03-20 12:00:00 / Yangiliklar

Payshanba kunining “Yoshlar kuni” sifatida belgilangani yosh avlod vakillari bilan ochiq muloqot qilish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda.
IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida vazirlikning Toshkent shahridagi 1-son akademik litseyida boʻldi.
Tadbirda oʻquvchilar, ularning ustozlari, hozirda akademiyada taʼlim olayotgan litsey bitiruvchilari qatnashdi.
Muloqot ochiq va samimiy ruhda oʻtdi. Akademiya boshligʻi ichki ishlar organlarining istiqbolli kadrlari sifatida hayotga kirib kelayotgan oʻquvchilarning fikrlarini tinglash barobarida, ularni kelajak maqsadlari yoʻlida ruhlantirdi.
«Bugun mamlakatimizda inson kapitali, ayniqsa yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarishga juda katta kuch va imkoniyatlar yoʻnaltirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning mohiyatiga qarasak, barcha yoʻnalishlarda yoshlar masalasi ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bu Yangi Oʻzbekistonning buguni va ertangi taqdiri yosh avlod zimmasida ekanini koʻrsatadi», — dedi R. Xatamov.
Uchrashuvda yoshlar kelajak masʼuliyatini hozirdanoq his qilishi zarurligi taʼkidlandi.
Buning uchun oʻqish, zamonaviy bilimlarni egallash, mashaqqatlarni yengish, faqat yuqori choʻqqilarga intilish, eng muhimi, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga tayyor kadr boʻlib yetishish kerakligi aytib oʻtildi.
“Ichki ishlar organi xodimi boʻlish, eng avvalo, ishonch va masʼuliyat degani. Sizlar har tomonlama tizimga munosib boʻlishingiz, bilim va salohiyat, mardlik, fidoyilik, vatanparvarlikda tengdoshlaringizga ibrat boʻlishingiz lozim”, — dedi R. Xatamov.
Tadbirda kursantlar ham soʻzga chiqib, taʼlim olishlari uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar. Erishayotgan yutuqlari haqida soʻzlab, oʻquvchilarga motivatsiya berdilar.
Uchrashuv soʻnggida fidoyiligi, tashabbuskorligi va boshqa ijobiy fazilatlarini namoyon etib kelayotgan oʻquvchi hamda oʻqituvchilar ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati







