Qoʻshqanotlar. Ofitserlar oilasi
2026-03-19 13:40:00 / Yangiliklar

Mohinur endigina 14 yoshga qadam qoʻydi. Oʻtgan yiliyoq ingliz tilidan B2 sertifikatini yuqori ball bilan qoʻlga kiritdi. Tarix, adabiyot, geografiya kabi fanlardan chuqur bilimga ega. Feʼli ham ogʻir-bosiq, jiddiy. Shu bois sinf rahbari uning «Kelajakda ichki ishlar organi xodimi boʻlaman» degan niyatini juda toʻgʻri qaror deb baholadi. Chunki u shunday muhitda ulgʻaymoqda. Otasi — podpolkovnik Isroil Jumanov IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Jizzax viloyati boʻyicha Maxsus otryadi bosh mutaxassisi. Onasi — Dilnoza Jumanova viloyat IIB Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati huquqiy statistika markazi katta inspektori, unvoni kapitan.
Ota-ona toʻrt farzandning toʻngʻichi boʻlgan Mohinurdagi qatʼiyat sabab uning tergovchi boʻlishiga ishonch bildirishadi. Otajon va Islomjon esa maktabda aʼlo baholarga oʻqish barobarida, erkin kurash va taekvondo bilan shugʻullanadi. Ular ham ota- onasi izidan ketishmoqchi. Kenja qiz — Azizaxon esa shifokorlikka qiziqadi.
Mutolaa — bolalarning sevimli mashgʻuloti. Isroil Jumanov har maoshidan farzandlari uchun kitob xarid qiladi va oʻqishlarini ragʻbatlantiradi. Asli uning onasi Ulbozor opa kitobsevar ayol, shu feʼli oʻgʻliga, nevaralariga oʻtgan. «Koʻp kitob oʻqish menga Multi Level imtihonida gapirish va yozish koʻnikmasidan yuqori ball olishimga yordam berdi», deydi Mohinur.
Albatta, farzand ulgʻaytirish oson emas. Dilnoza opa baʼzan kasb taqozosi tufayli farzandlari bilan odatdagidan kamroq vaqt oʻtkazishi mumkin. Ammo baxtini kasbidan topgan ayol farzandlarini ulgʻaytirishda ham ahil va mehribon jamoasining yordami katta boʻlganini yashirmaydi.
Dilnoza Jumanovaning bu kasbga qiziqishida otasining yaqin doʻsti, podpolkovnik Sagʻdulla Izbosarovning taʼsiri katta boʻlgan. Shu bois oliygohni tamomlagach, xizmat faoliyatini Jizzax viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash boshqarmasida katta ish yurituvchi lavozimida boshladi. Shunga ham 20 yil boʻldi. 2019-yilda xotin-qizlar inspektori shtati joriy etilgach, xizmatini davom ettirdi. Hozirgi vazifasida 2024-yildan bu- yon ishlab kelmoqda. Xizmati davomida IIV va viloyat IIB tomonidan bir necha bor koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar, pul mukofotlari bilan taqdirlangan.
Isroil Jumanov Toshkent Oliy harbiy-texnik bilim yurtini tamomlagan. Ichki ishlar organlarida 1999-yil avgust oyidan buyon xizmat qilib keladi. Dastlab viloyat IIB Aloqa boʻlimi tezkor aloqa tarmogʻi muhandisi boʻlib xizmat qildi. 2006-yil fevral oyidan buyon hozirgi lavozimida. Uning xizmat faoliyati ham koʻp bor eʼtirof etilgan. Ular oʻz baxtini, hayotda oʻz oʻrinlarini topishga sabab boʻlgan kasblaridan nihoyatda mamnun.
...Har tong Jumanovlar yashaydigan xonadon derazalaridan quyoshning zarrin nurlari yangi kunning iliq nafasini olib kelar ekan, uyda hayot yana jonlanadi. Ota-ona yurt xizmati sari shoshadi, farzandlar esa ularning munosib davomchisi boʻlish orzusida maktab tomon oshiqadilar. Bu oilaning orzu-maqsadlari ham boshqa oilalarniki kabi sodda va ulugʻ — tinch va ozod yurtda baxtli yashash, farzandlarning yorugʻ kelajagini koʻrish...
Muqaddas Saparova, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Jizzax viloyati
