Buxoroda “Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak” tizimi asosida obodonlashtirish ishlari va Navroʻz tadbirlari xavfsizligi taʼminlanmoqda
2026-03-19 12:50:00 / Yangiliklar

“Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak” tamoyillari asosida Buxoro shahrini zamonaviylashtirish, infratuzilmani yangilash hamda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Markaziy koʻchalarda bunyodkorlik, koʻkalamzorlashtirish, qurilish sifati va shaharsozlik normalariga rioya etilishi oʻrganilib, savdo va maʼmuriy obyektlar atrofining tozaligi hamda tungi yoritish tizimlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mulkiy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tadbirkorlarga videokuzatuv kameralarini oʻrnatish, ularni markazlashgan tizimga ulash va binolarni qoʻriqlash xizmatiga topshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bu chora-tadbirlar “Xavfsiz koʻcha” va “Xavfsiz yoʻlak” tizimini toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Prezident qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Koʻhna va boqiy Buxoro” majmuasida Navroʻz bayrami oldidan jamoat xavfsizligi boʻyicha xizmatoldi yoʻriqnomasi oʻtkazildi. Unda xodimlarga qatʼiy tartib-intizomga rioya qilish, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish va xizmatni masʼuliyat bilan olib borish zarurligi uqtirildi.
Viloyat hokimi tadbirlar oʻtkaziladigan hududlarni koʻzdan kechirib, xavfsizlikni taʼminlash va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Amalga oshirilayotgan ishlar shaharni yanada obod qilish va aholining tinch, xavfsiz hayotini taʼminlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



