Ichki ishlar organlari faxriylari va pensionerlariga xizmat uy-joylarini bepul xususiylashtirib berish marosimi boʻlib oʻtdi
2026-03-18 12:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 543-son qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlarida koʻp yillar samarali xizmat qilgan va pensiya huquqini olgan xodimlar, shuningdek, vafot etgan pensionerlarning oila aʼzolariga xizmat xonadonlarini bepul xususiy mulk sifatida topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik D.N. Sattarov, soha faxriylari, ichki ishlar organlari xodimlari hamda ularning oila aʼzolari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida soʻzga chiqqan vazir oʻrinbosari barcha ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan Navroʻz umumxalq bayrami hamda Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, xizmat xonadonlarining topshirilishi ichki ishlar organlarida xizmat qilishning mashaqqatli, biroq yuksak sharaf va masʼuliyat talab etuvchi vazifa ekanligining munosib eʼtirofi ekanini alohida taʼkidladi.
Shu bilan birga, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni haqiqiy xalqchil tizimga aylantirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻzining amaliy samarasini berayotgani qayd etildi. Ayniqsa, davlatimiz tarixida ilk bor vazirlik tizimida uzoq yillar xizmat qilgan pensionerlar uchun uy-joyga egalik qilish imkoniyati yaratilgani muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Tadbir davomida ichki ishlar organlarida 20-yildan ortiq xizmat qilgan 15 nafar xodim, pensiya huquqi bilan Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilgan 95 nafar pensioner, shuningdek, 7 nafar vafot etgan pensionerlarning oila aʼzolariga oʻzlarining shaxsiy xonadonlari topshirildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda qabul qilinayotgan qarorlar va yaratilayotgan imtiyozlar barcha hududlarda izchil va samarali amalga oshirilayotganining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.



