IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda
2026-03-17 18:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahri Mirobod tumanida jamoat xavfsizligini mustahkamlash, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan “Xavfsiz muhit” tamoyili asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldashevich tomonidan tumanga jalb etilgan IIV Akademiyasi kursantlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari mamlakatimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, kursantlarga jamoat tartibini saqlashda masʼuliyatli boʻlish, fuqarolar bilan muloqotda odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish, xizmat intizomi va shaxsiy xavfsizlik masalalari boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.
Tungi xizmat oldi yoʻriqnomasi jarayonida xizmatni samarali tashkil etish, patrullik qilish yoʻnalishlari, ehtimoliy xavf-xatarlarni bartaraf etish choralari muhokama qilindi. Kursantlarga xizmat jarayonida tezkorlik, hushyorlik va masʼuliyat bilan yondashish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldashevich tomonidan Mirobod tumani IIO FMB probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan ham profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad — probatsiya nazoratidagi fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning qayta jinoyat sodir etishining oldini olish va jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishdan iborat boʻldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga qonunchilik talablariga rioya etish, mehnat qilish, halol turmush tarzini olib borishning ahamiyati tushuntirildi. Shuningdek, ularning bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Vazir oʻrinbosari ularni qiynayotgan muammolarni oʻrgandi va tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, fuqarolarning fikr-mulohazalari eshitilib, ularning taklif va murojaatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot guruhi







